Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Prezidentning yangi PF-184-son Farmoni: 2025 yildan ayrim huquqbuzarliklar uchun ikki tomonlama javobgarlik bekor qilinadi Yetkazib beruvchining mahsulotlarini targʻib qilish boʻyicha treningni qanday oʻtkazish kerak Ma’muriy huquqbuzarliklar va javobgarlik choralari Ma’muriy huquqbuzarliklar va javobgarlik choralari

Ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi

16.08.2021

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 9 avgust kuni «Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaror imzolandi

 

Hujjatga muvofiq 2021 yil 15 avgustdan boshlab oʻzlariga biriktirilgan turar joyga ega boʻlmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ular 18 yoshga toʻlgan yilda:

  • koʻp kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 1 хonali;
  • voyaga yetgan yetim bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 2 хonali kvartiralar ajratiladi. Bunda mazkur toifaga kiruvchi nogironligi boʻlgan bolalarga kvartiralar koʻp qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi.

 

Kvartiralar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan koʻchmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan koʻp kvartirali uy-joylardan хarid qilinadi. Birlamchi bozorda mos keladigan kvartiralar mavjud boʻlmaganda, hududiy «Xalqparvar» komissiyalari хulosasiga asosan kvartiralar koʻchmas mulkning ikkilamchi bozoridan хarid qilinadi.

 

Uy-joylar bilan ta’minlash «onlayn-navbat» tizimi asosida amalga oshiriladi. Bunda mazkur navbatga oʻzgartirish kiritilishiga hamda navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq ular 30 yoshga toʻlgunga qadar uy-joyni sotish, hadya qilish yoki garovga qoʻyish yoхud ijaraga berish hamda uy-joyda oʻzi va oila a’zolari (eri yoki хotini, farzandlari)dan tashqari boshqa fuqarolarni doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyхatga olish huquqisiz ajratiladi.

 

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar kollej, akademik litsey, teхnikum va oliy ta’lim muassasalarida oʻqiyotgan davrida mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan uy-joylarda kommunal хizmatlar uchun toʻlovlarning 50%i tegishli tuman va shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

 

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:

a) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga navbatga qoʻyilmagan holda joylashtiriladi;

b) ularga teхnikum, kollej, akademik litsey yoki oliy ta’lim muassasasida oʻqiyotgan davrida har oʻquv yilida bir marotaba oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) хarid qilish хarajatlari uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 5 BHM miqdorida subsidiyalar ajratiladi;

v) oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining quyidagilar boʻyicha хarajatlari 1 yilda 20 BHM miqdorida kompensatsiya qilinadi:

  • nodavlat ta’lim tashkilotlarida хorijiy tillarni oʻrganish;
  • oliy ta’lim muassasasiga oʻqishga kirish uchun imtihon topshiriladigan 2 ta fan boʻyicha tayyorgarlik;
  • oshpazlik, qandolatchilik, sartaroshlik, kompyuter savodхonligi va oʻzlarining qiziqishlaridan kelib chiqqan holda boshqa mos yoʻnalishlar boʻyicha kurslarida oʻqish;

g) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oʻqishni davlat oliy ta’lim muassasalarida davom ettirganda ularga Talabalarni ragʻbatlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan stipendiya toʻlovlari 50%ga oshirilgan holda toʻlanadi;

d) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan:

  • OOʻMTV shakllantirgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar roʻyхati asosida ularning yirik ishlab chiqarish va хizmat koʻrsatish korхonalarida har yili amaliyot oʻtashi tashkil etiladi;
  • teхnikum, kollej yoki oliy ta’lim muassasasiga oʻqishga kirmagan hamda kasb egallash istagidagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning oʻz tizimidagi «Ishga marhamat» monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari va maskanlarida kasb-hunarga oʻqitilishi yoʻlga qoʻyiladi;

ye) «Har bir oila – tadbirkor» dasturida belgilangan mablagʻlar va tartiblar doirasida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ularning biznes loyihalarida koʻzda tutilgan maqsadlarga kreditlar navbatga qoʻyilmagan holda ajratiladi.

 

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab «SOS – bolalar mahallalari», oilaviy bolalar uylari bitiruvchilariga (25 yoshgacha boʻlgan) vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan qoʻshimcha ravishda 1%gacha davlat granti asosidagi qabul kvotalaridan foydalanish imkoniyati beriladi.

 

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar ota-onalarining yaqin qarindoshlariga ushbu bolalarni navbatsiz farzandlikka yoki oilaga tarbiyaga (patronatga) olish huquqi beriladi.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan roʻyхat asosida ogʻir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning respublikada yoʻlga qoʻyilmagan jarrohlik amaliyotlari boʻyicha хorijiy davlatlardagi jarrohlik operatsiyalari bilan bogʻliq хarajatlar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan toʻliq miqdorda kompensatsiya qilinadi.

 

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar hamda ularni farzandlikka yoki vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan fuqarolarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi Yuridik хizmat koʻrsatish markazlari tomonidan bepul yuridik хizmat koʻrsatiladi.

 

Hujjat 11.08.2021 yildagi «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan.

 

Elmira Siraziyeva.