Prezident tomonidan 4 iyun kuni “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.
Hujjatga muvofiq, 2021 yil 1 iyuldan boshlab:
a) belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaхslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20%i miqdorida qoʻshimcha toʻlov (keyingi oʻrinlarda – qoʻshimcha toʻlov) joriy etiladi. Bunda, ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalarning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda 256 675 soʻmdan 400 000 soʻmga oshiriladi;
b) belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik boʻyicha pensiyalari miqdori 565 000 soʻmga yetkaziladi;
v) zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 soʻmdan 400 000 soʻmga yetkaziladi;
g) boquvchisini yoʻqotganlik:
- pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qoʻshimcha toʻlov joriy etiladi;
- pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 soʻmdan 400 000 soʻmga oshiriladi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlanadi;
- nafaqasi oluvchi oilalarning barcha a’zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 000 soʻm va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 150 000 soʻmdan qoʻshilishi belgilanadi;
d) bolalikdan nogironligi boʻlgan shaхslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 soʻmdan 565 000 soʻmga oshiriladi.
Hujjat 2021 yil 4 iyunda “Xalq soʻzi” gazetasida e’lon qilingan.