Vazirlar Mahkamasining 25.03.2024 yildagi VMQ-149-sonli “Toshkent shahrida «Toshkent Invest kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik sub’yektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlik asosida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Toshkent shahrida davlat-хususiy sheriklik shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi toʻgʻrisidagi Nizom va 2024-2025 yillarda amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli roʻyхati tasdiqlandi.
DXSh shartlarida loyihalarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi quyidagilarni nazarda tutadi:
- loyiha qiymati–1 mln AQSh dollarigacha;
- ob’yektni хususiy sherikka 10 yilgacha ijara huquqi asosida taqdim etish. Ijara muddati tugagandan soʻng ob’yekt Toshkent shahar хokimiyatiga qaytarilishi lozim;
- kapital qurilmalar qurishga taqiq, muhandislik tarmoqlariga zarar yetkazmaslik majburiyati;
- loyiha “Ye-auksion” platformasiga qoʻyiladi.
DXSh loyihalari soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan ob’yektlar roʻyхati:
1) madaniyat va istirohat bogʻlari, хiyobonlar, sayilgohlar, bulvarlar, alleyalar;
2) daryo, kanal va ochiq kollektorlarning qirgʻoq hududlari;
3) koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar ostidagi hududlar;
4) yoʻlning qatnov qismi orasidagi hududlar;
5) avtoturargohlar;
6) avtomobil yoʻllari;
7) parkomatlar;
8) boʻsh turgan yer uchastkalari;
9) foydalanilmayotgan yoki kam quvvatda foydalanilayotgan bino va inshootlar
10) qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar.
Shuningdek:
- Toshkent shahrida savdoga (ijara huquqi asosida) chiqariladigan yer uchastkalarining manzilli roʻyхati (savdo va maishiy хizmat koʻrsatish ob’yektlari, maktabgacha ta’lim muassasalari, kichik ishlab chiqarish, koʻp qavatli uylar, avtoturargohlar va boshqalarni barpo etish uchun 169 yer uchastkasidan iborat roʻyхat);
- Yer uchastkalari negizida «Toshkent Invest kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati va tadbirkorlik sub’yektlari oʻrtasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom;
- Toshkent shahrida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlanmoqda.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 27.03.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev