Vazirlar Mahkamasi tomonidan 29.03.2021 yildagi «Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari haqida»gi 163-son qaror qabul qilindi.
«Ta’lim toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek yoshlarning kasblar va mutaхassisliklarni egallashga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan professional ta’lim tizimida dual ta’lim tashkil etiladi.
Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi:
- dual ta’limni tashkil etish va uning bosqichlarini;
- dual ta’limda oʻquv jarayoni va ishlab chiqarish amaliyotini olib borish tartibini;
- dual ta’lim ishtirokchilarining vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini belgilashni.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralarga quyidagi vazifalar topshirildi:
- 1 martga qadar iqtisodiyot tarmoqlarida tegishli kasblar va mutaхassisliklar boʻyicha oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojni muntazam oʻrganib, dual ta’lim tizimini tashkil etish hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni belgilash;
- 1 aprelga qadar dual ta’lim tashkil etiladigan tashkilotlar boʻyicha Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligiga takliflar kiritib borish.
Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, shuningdek tizimida professional ta’lim muassasalari boʻlgan idoralarga quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:
- oʻquvchilarni haftada kamida ikki kun professional ta’lim muassasalaridagi oʻquv jarayonlarida ishtirok etishlarini va qolgan ish kunlarida tegishli tashkilotlarda amaliy mashgʻulotlar bilan birga mehnat faoliyati olib borishlarini ta’minlash;
- professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim jarayonini tashkil etish ustidan tizimli nazorat oʻrnatish;
- dual ta’limni takomillashtirish va metodik ta’minotini mustahkamlash yuzasidan ilgʻor хalqaro tajribalarni tizimli oʻrganish ishlarini tashkil etish.
Ta’lim muassasalari kadrlarga ehtiyoji boʻlgan tashkilotlar bilan shartnomalar tuzadi. Shuningdek shartnoma tashkilot va talabalar oʻrtasida tuziladi, bunda talabaga muayyan ish taqdim etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.03.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.