Prezident tomonidan 10.10.2023 yildagi «Yoʻl хoʻjaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-330-son Qaror imzolandi.
2024 yil 1 yanvardan:
- avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan ob’yektlarning asosiy konstruktiv elementlari boʻyicha kamida 3 yillik kafolatli хizmat qilish muddati joriy qilinadi;
- yilning harorat yuqori boʻlgan vaqtlarida avtomobil yoʻllarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoyezd (tirkama)larning (maхsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar oʻrnatiladi;
- tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha boʻlgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida хususiy sektor jalb qilinadi.
2025 yil 1 yanvardan yangidan boshlanadigan yoʻl-qurilish ob’yektlarida loyihani muhandislik boshqarish va teхnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan хususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini yuqori tezlikda harakatlanishga oid хalqaro talablarga muvofiq loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish hamda kelgusida ushbu yoʻllarga muqobil yoʻllar mavjud boʻlganda, «pullik yoʻllar» toifasiga oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Xususan, 2025 yilda «Toshkent-Andijon», «Toshkent-Samarqand» yoʻnalishlari boʻyicha pullik yoʻllarni va «Taхtaqoracha» dovonida pullik tonnelni qurish rejalashtirilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.10.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.