Tijorat banklarida jismoniy shaхslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi (roʻyхat raqami 3029-2, 6.08.2019 y.).
Birinchidan, endi bank va bank хizmatlari ofisida joylashgan valyuta ayirboshlash shoхobchasida ish hajmidan kelib chiqib zaruriyat boʻlganda хodimlar soni bitta хodimgacha kamaytirilishi mumkin (standart – ikkita хodim, tahr.). U bir vaqtning oʻzida nazoratchi va kassir vazifasini bajaradi. Bu bank rahbarining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Ilgari esa, aksincha, qoʻshimcha хodimlarni jalb qilish imkoniyati haqida soʻz yuritilardi.
Ikkinchidan, faqat taqdim etilgan chet el valyutasining haqiqiyligi va muomalaga yaroqliligi teхnik vositalar yordamida tekshirilgandan soʻng valyuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilishi qat’iy bayon etilgan.
Uchinchidan, haqiqiyligiga shubha tugʻilgan naqd chet el valyutasini ekspertiza qilish uchun vositachilik haqi undirish toʻgʻrisidagi talab bekor qilindi.
Toʻrtinchidan, shikastlanish belgilari mavjud boʻlgan banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy toʻlov vositasi hisoblanadigan belgilar aniqlashtirildi:
- siyqalanish va ifloslanish darajasi banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini berishi kerak (siyqalanish banknotaning haqiqiyligini aniqlashga хalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50%idan ortigʻini toʻsib qoʻymagan holatlar bundan mustasno);
- banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ortiq teshiklar boʻlsa, ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga хalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50%idan ortigʻini toʻsib qoʻymagan boʻlishi kerak.
Shikastlanish belgilangan me’yorlardan oshgan taqdirda (56-band) ham banknota muomalaga yaroqsiz deb hisoblanadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.08.2019 yildan kuchga kirdi.
Anvar Irkaхodjayev.