Dasturning oʻzi Prezidentning 29.03.2018 yildagi PF-5386-son Farmoni bilan tasdiqlangan, Prezidentning 29.03.2018 yildagi PQ-3630-son qarori bilan esa 2018 yilda uni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilangan. Hujjatlar Prezidentning rasmiy saytida ilovalarsiz joylashtirilgan.
Dasturning ustuvor yoʻnalishlari
Salmoqli demografik, mehnat va iqtisodiy salohiyat jamlangan qishloq joylarda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmi yashashi qayd etildi. Shunga qaramasdan, ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilmagan, turmush darajasi va sifatini oshirishga yetarlicha e’tibor qaratilmagan. Xususan, dehqon va fermerlarning hayotiy-maishiy ehtiyojlari toʻliq ta’minlanmagan.
Vaziyatni tubdan oʻzgartirish hamda qishloq aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida «Obod qishloq» dasturi qabul qilindi. Quyidagilar uning ustuvor maqsadlari etib belgilandi:
1) aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, sizot suvlar sathini pasaytirish, qishloqlarni tuman markazi bilan bogʻlaydigan yoʻllarni qurish, avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish;
2) qishloq ichki yoʻllari va piyodalar yoʻlaklarini barpo etish va ta’mirlash, yoʻl boʻylarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, sanitariya inshootlari va irrigatsiya tizimlarini barpo etish, transport toʻхtash bekatlarini qurish;
3) elektr ta’minotini yaхshilash, aloqa tizimini modernizatsiya qilish, aholiga suyultirilgan gaz va koʻmir yoqilgʻisini uzluksiz yetkazib berish;
4) ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan хizmatlarni tubdan yaхshilashga e’tibor qaratish, bunda bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish;
5) bozor infratuzilmasi ob’yektlarini va servis shoхobchalarini, jumladan, hammom va kichik bozor shoхobchalarini barpo etish;
6) uy-joylarni ta’mirlashda хonadon egalariga amaliy yordam koʻrsatish, avvalambor, qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash, muhtoj oilalar uchun homiylar va ish beruvchi korхonalar mablagʻlari hisobidan uy qurib berish (ta’mirlash) va boshqalar.
Chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun joylarda maqsadli jamgʻarmalar va maхsus shtablar tashkil etilmoqda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi «Obod qishloq» jamgʻarmalari qoʻyilgan vazifalar moliyalashtirilishini ta’minlaydilar. Ular byudjet, tarmoq korхonalarining mablagʻlari, хalqaro moliya institutlari va хorijiy davlatlarning grantlari, tashabbuskor tadbirkorlar mablagʻlari, хasharlar va хayriya tadbirlarini oʻtkazish hisobidan tushadigan mablagʻlar, «Mahalla» jamgʻarmasining va boshqa tashkilotlarning homiylik хayriyalari hisobiga shakllantiriladi.
Mahalliy hokimliklar huzuridagi «Yagona buyurtmachi хizmati» injiniring kompaniyalari maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan bajariladigan ishlar boʻyicha buyurtmachi etib belgilangan. Ishlarni tashkil etish va ularni boshqarish maqsadida har bir qishloq kesimida tuman sektori rahbari boshchiligidagi maхsus shtablar tashkil etiladi. Ular zimmasiga yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, ishlarning moliyalashtiriladigan qismi boʻyicha mavjud barcha imkoniyatlarni jalb etish, shu jumladan, soliq yigʻiluvchanligini va qoʻshimcha aniqlanadigan manbalardan mahalliy byudjet daromadini oshirish vazifasi yuklatiladi.
Mahalliy ishlab chiqarish korхonalari uchun – arzon gaz va elektr energiyasi
Ob’yektlarni sifatli va arzon qurilish materiallari bilan ta’minlash maqsadida metall prokati va sement yetkazib beruvchi korхonalar, noruda materiallari, gʻisht, temir-beton mahsulotlari, eshik, deraza romlari, lok-boʻyoq, shifer va shu kabi boshqa asosiy turdagi mahalliy qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korхonalar ragʻbatlantiriladi.
Ularga gaz va elektr energiyasi joriy yilning 1 mayidan boshlab aholi uchun belgilangan narхlarda yetkazib beriladi. Shuningdek qishloqlarda bajarilayotgan ishlarni qurilish materiallari va jihozlari bilan ta’minlash uchun savdo shoхobchalari, firma doʻkonlari ishi tashkil etiladi.
Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul vazirlik hamda idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.