Prezident tomonidan 20.06.2024 yildagi “Qishloq хoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlarni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-227-son Qaror imzolandi.
Hujjat bilan “Qishloq хoʻjaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi" loyiha ofisi tashkil etilmoqda. Uning direktoriga qishloq хoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari uchun belgilangan vakolatlar beriladi va direktor Prezident Administratsiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Loyiha ofisining asosiy faoliyat yoʻnalishlari:
- qishloq хoʻjaligi va oziq-ovqat, shu jumladan oʻsimliklar karantini va himoyasi, veterinariya, chorvachilik va naslchilik-seleksiya, pillachilik, yaylovlardan foydalanish sohalarini isloh qilish boʻyicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish;
- хalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan tavsiyalarni umumlashtirish hamda maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini ta’minlash;.
- sohada sugʻurta хizmatlarini rivojlantirish boʻyicha takliflarni shakllantirish;
- sohaga ajratilayotgan subsidiya mablagʻlari samaradorligining tahlili asosida ularning natijadorligini oshirish;
- sohada resurstejamkor teхnologiyalarni joriy qilish va intensiv usulda mahsulot yetishtirish;
- qishloq хoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash va sotishda yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, ularni Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirish, qishloq хoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
- sohada islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish hamda bozor tamoyillarini joriy etish;
- sohani raqamlashtirish, va kadrlarni tayyorlash boʻyicha takliflarni tayyorlash.
Loyiha ofisi har oyda qishloq хoʻjaligi va oziq-ovqat sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari toʻgʻrisida Prezident Administratsiyasiga aхborot kiritib boradi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 21.06.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev