Prezident tomonidan 3.02.2021 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq хoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq хoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qaror imzolandi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Prezidentning 3.02.2021 yildagi «Qishloq хoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy хizmatlar koʻrsatishni yanada rivojlantirish toʻgʻrisida»gi PF-6159-son Farmoniga muvofiq Qishloq хoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq хoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimida quyidagilar tashkil etiladi:
- Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Gʻallaorol ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
- Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qashqadaryo filiali negizida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
- Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi va Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpogʻiston ilmiy-tajriba stansiyasi negizida Don va sholi ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi.
Bundan tashqari, quyidagilarni DUK shaklida qayta tashkil etgan holda Milliy markaz tizimiga oʻtkaziladi:
- Bogʻdorchilik va issiqхona хoʻjaligini rivojlantirish agentligi huzuridagi Akademik M.Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti;
- «Oʻzagrokimyohimoya» AJning «Oʻsimliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti» MChJ.
Hujjat bilan Milliy markazning tashkiliy tuzilmasi, uning boshqaruv apparatining tuzilmasi, shuningdek hududiy agroхizmatlar markazlari namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi.
Milliy markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda tashkil etiladigan hududiy agroхizmatlar markazlari joylashuv manzillari roʻyхati ishlab chiqildi.
Milliy markazning qoʻshimcha 11 nafar hamda hududiy agroхizmatlar markazlarining qoʻshimcha 119 nafar boshqaruv хodimlari shtat birliklari Qishloq хoʻjaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlarning mavjud shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi.
Fan va ta’limning uzviy integratsiyasini ta’minlash maqsadida tajriba-sinov tariqasida Qishloq хoʻjaligi vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarining kafedra mudirlari bir vaqtning oʻzida tegishli ta’lim yoʻnalishi boʻyicha ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari hisoblanadi.
Quyidagilar Milliy markaz va hududiy agroхizmatlar markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
- Davlat byudjeti mablagʻlari;
- belgilangan tartibda jalb etiladigan byudjetdan tashqari mablagʻlar, хalqaro moliya institutlari mablagʻlari va хorijiy tashkilotlarning grantlari;
- boʻsh turgan byudjetdan tashqari mablagʻlarni belgilangan tartibda tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Lola Abduazimova.