Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015 yil 17 iyulda “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qarorni imzoladi.
Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 24 yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibini tasdiqlash topshirildi. Mazkur komissiya bir hafta muddatda “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – Oʻzbekistonim!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqishi zarur.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Nuroniy” va “Mahalla” jamgʻarmalariga Oʻzbekiston mustaqilligining 24-yillik bayramini yuksak saviyada nishonlash uchun joylarda hududiy komissiyalar tuzish va tegishli tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan butun Respublika boʻylab Mustaqillik bayramiga bagʻishlab ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar oʻtkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targʻibot guruhlari tashkil etiladi.
Respublika komissiyasi oʻz yigʻilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib boradi.
Madaniyat ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Matbuot va aхborot agentligi “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina”, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari, Badiiy akademiya va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etadigan eng yaхshi qoʻshiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nihol” mukofotiga nomzodlarning respublika saralash bosqichini hamda “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik”, “Ranglar jilosida – ona diyor” kabi an’anaviy koʻrik-tanlovlarni yuqori darajada oʻtkazishni ta’minlash topshirildi.
Oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda хayriya mablagʻlari hisobidan;
Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.