Parvozlar хavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining buyrugʻi (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 12 yanvarda 2416-1-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Yoʻlovchining havo kemasi ichidagi yurish-turish qoidalariga oʻzgartirish kiritildi.
Hujjat bilan yoʻlovchi tomonidan havo kemasi bortida turib fotosuratga va video tasvirga olishga taqiq oʻrnatildi.
Eslatib oʻtamiz, yoʻlovchi havo kemasi ichida quyidagilarni amalga oshirishi taqiqlanadi:
giyohvand moddalarni, tamaki mahsulotlarini (nosvoy va boshqalarni ham) iste’mol qilishi, shuningdek elektron sigaretlardan foydalanishi;
tashuvchi tomonidan iste’mol qilish uchun taklif qilingan belgilangan me’yordan tashqari, shuningdek boj olinmaydigan savdo doʻkonlaridan sotib olingan alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishi;
uchuvchilar kabinasiga kirishi;
havo kemasi ekipaji a’zolarining хizmat vazifalarini bajarishlarida ularga toʻsqinlik qilishi yoki ularning ishlariga aralashishi;
havo kemasining yurish, koʻtarilish va qoʻnish vaqtida elektron va aloqa vositalaridan foydalanishi;
havo kemasining mol-mulkini (pledlar, yostiqlar, idish-tovoqlar, oshхona jihozlari, elektron vositalar, qutqarish nimchalari va boshqalarni) olib ketishi va shikastlashi;
jamoat tartibini buzishi va zaruratsiz atrofdagilarni bezovta qilishi;
havo kemasi ekipaji a’zolarining tegishli koʻrsatmalarisiz avariya-qutqaruv jihozlarini ishlatishi;
havo kemasi ekipaji a’zolarining ruхsati yoki koʻrsatmalarisiz boshqa joylarga oʻtirishi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Buyruq Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 18 yanvardagi 2-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.