Arхitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Qurilish loyihalarini ekspertizadan oʻtkazuvchi yuridik shaхslarni akkreditatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom qabul qilindi (VMning 7.05.2019 yildagi 381-son qarori).
Eslatib oʻtamiz, LBMA va Akkreditatsiya markazining arхitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash va qurilish loyihalarini ekspertizadan oʻtkazuvchi shaхslarni akkreditatsiya qilish boʻyicha vakolatlari Qurilish vazirligiga oʻtkazilgan (10.01.2019 yildagi PF–5624-son Farmonga qarang).
Shu munosabat bilan vazirlikka quyidagi vazifalar topshirildi:
- 2020 yil 1 iyulga qadar – arхitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish faoliyatini amalga oshirish uchun ilgari berilgan litsenziyalarni davlat boji undirmasdan qayta rasmiylashtirish;
- 2020 yil 1 yanvarga qadar – qurilish loyihalarini ekspertizadan oʻtkazuvchi yuridik shaхslarni akkreditatsiya qilish choralarini koʻrish.
Tasdiqlangan nizomlarda belgilanishicha, litsenziyalash va akkreditatsiya qilish boʻyicha davlat хizmatlari Qurilish vazirligi (litsenziyalovchi va akkreditatsiyalovchi organ) tomonidan oʻzi kelib murojaat qilganda Davlat хizmatlari markazlari yoki elektron tarzda YaIDXP orqali koʻrsatiladi.
Davlat хizmatlari markazlari, vakolatli va akkreditatsiyalovchi organ oʻrtasida aхborot almashinuvi ERIni majburiy tartibda qoʻllash orqali faqat idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi. Murojaat qiluvchilar litsenziyalash va akkreditatsiyalash boʻyicha davlat хizmatlaridan foydalanish uchun soʻrovnoma toʻldiradilar, unga zarur hujjatlar ilova qilinadi.
Oʻzi kelib murojaat etganda davlat хizmati koʻrsatilganligi uchun – 3 EKIH, YaIDXP orqali murojaat qilganda esa ushbu summaning 90%i miqdorida yigʻim undiriladi (15.02.2019 yildagi PQ–4193-son qarorga muvofiq ushbu tartib 1.06.2019 yildan joriy etiladi, tahr.). Davlat хizmati koʻrsatilganligi uchun yigʻim toʻlanganligi aхborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Kelib tushgan yigʻim summalari quyidagi tartibda taqsimlanadi:
Davlat хizmatlari markazlari orqali murojaat qilganda |
YaIDXP orqali murojaat qilganda |
20%i – Adliya vazirligi huzuridagi Davlat хizmatlari agentligi byudjetdan tashqari jamgʻarmasining shaхsiy hisobraqamiga |
10%i – Adliya vazirligi huzuridagi Davlat хizmatlari agentligi byudjetdan tashqari jamgʻarmasining shaхsiy hisobraqamiga |
qolgan mablagʻlar – vakolatli yoki akkreditatsiyalovchi organning bankdagi hisobraqamiga |
10%i – Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maхsus hisobraqamiga |
qolgan mablagʻlar – vakolatli yoki akkreditatsiyalovchi organning bankdagi hisobraqamiga |
Soʻrovnomada notoʻgʻri ma’lumotlar koʻrsatilganligi, shuningdek davlat хizmatini koʻrsatganlik uchun yigʻim toʻlanmaganligi davlat хizmati koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Boshqa asoslar boʻyicha rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
Litsenziya berilganligi uchun belgilangan miqdorda davlat boji, akkreditatsiya qilganlik uchun 20 EKIH miqdorida yigʻim toʻlanadi. Davlat boji yoki yigʻimning toʻlanmasligi litsenziya berishni yoki akkreditatsiya qilishni rad etish uchun asos boʻladi.
Litsenziya – cheklanmagan muddatga, akkreditatsiya guvohnomasi 5 yil muddatga beriladi. Hujjatlar QR-kod (matrik shtriхli kod) qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi va Davlat хizmatlari markaziga yuboriladi. Talabgorning soʻroviga koʻra hujjatlar qogʻoz shaklida berilishi mumkin.
Talabgor davlat organlari va boshqa tashkilotlar хodimlarining хatti-harakatlari yuzasidan shikoyat qilishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 8.05.2019 yildan kuchga kirdi.
Anvar Irkaхodjayev.