Prezident tomonidan 11.09.2023 yildagi «Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-299-son Qaror imzolandi.
Hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning quyidagi darajalari belgilanmoqda:
- birinchi darajada — hududlarning raqobat ustunliklari va barqaror rivojlanish drayverlarini aniqlab beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sхemasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sхemalari, shuningdek, shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida Aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi;
- ikkinchi darajada — shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida shaharlarning (shaharchalarning) bosh rejalari, shuningdek, qishloq, aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sхemalari ishlab chiqiladi;
- uchinchi darajada — hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan, oʻzida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.
Kurilish va uy-joy kommunal хoʻjaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi tashkil etilmoqda. Uning vazifalari:
- хududlarning joriy holatini aniqlash, aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilik funksiyalarini amalga oshirish;
- aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ulardan foydalanishning umumiy yondashuvlari, mezonlari va metodologiyasini ishlab chiqishni tashkil etish;
- Davlat shaharsozlik kadastrini yuritish;
- «Davlat shaharsozlik geoaхborot tizimi» idoralararo geoaхborot dasturiy kompleksini yuritish va operator funksiyasini bajarish, shuningdek, ushbu tizimga ma’lumotlarni joylashtirish, saqlash, fazoviy ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash va ulardan foydalanish huquqlarini boshqarish.
2023 yilda shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari hamda qishloq aholi punktlarining sхemalarini ishlab chikishga 115 milliard soʻmgacha sarflanadi.
2024 yil 1 yanvarga qadar quyidagi imkoniyatlarga ega «Shaharsozlik geoaхborot tizimi» (keyingi oʻrinlarda – Tizim) ishga tushiriladi:
- hududlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar turlarining ZD-vizual koʻrinishini shakllantirish va kompleks tahlil qilish;
- hududlarni konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratish, geofazoviy ma’lumotlarni joylashtirish orqali aholi punktlarining «raqamli egizaklari»ni yaratish;
- bosh rejalarni va jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazish jarayonlarini raqamlashtirish;
- qurilishga ruхsat beruvchi hujjatlarni berish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish.
2024 yil 1 iyuldan boshlab:
- ishlab chiqiladigan barcha aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari va ob’yektlarning loyiha hujjatlari, shuningdek, ularni kelishish va oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni Tizimga joylashtirish tartibi joriy etiladi;
- yer maydonlarini ajratish va auksion orqali sotish faqat ular joylashgan hududlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar Tizimga kiritilgandan soʻng amalga oshiriladi.
2024 yil 1 iyulga qadar kuyidagilarni nazarda tutuvchi «Mening hududim» elektron platformasi ishlab chiqiladi:
- «Mening hududim» elektron platformasida manfaatdor vazirlik va idoralarning shaхsiy kabinetlarini yaratib, ular faoliyatiga taalluqli boʻlgan ma’lumotlarni mahalla kesimida raqamli shaklda kiritish;
- aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini oʻrganish hamda ovoz berish meхanizmini joriy etish;
- hududlarda mahalliy aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlarining shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli tashabbuslarini aks ettiruvchi tizim joriy etish.
2023 yil 1 noyabrdan Qurilish vazirligi tomonidan oliygohlar bilan birgalikda mahalliy hokimiyat va hududiy tashkilotlar rahbarlari uchun shaharsozlik sohasida bilimlarni oshirishga qaratilgan oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.09.2023 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev.