Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Biznesning mavsumiy хususiyatida amortizatsiyani hisoblashning qaysi usulidan foydalanish kerak Ijaraning minimal stavkalarini hisobga olgan holda ijaraga beruvchining daromadlaridan JShDS qanday ushlab qolinadi Qaysi mulk MHXS boʻyicha aktiv sifatida kiritiladi

Shifokorlar propiska boʻyicha qishloq joylarga taqsimlanadi

06.10.2017

 

Vazirlar Mahkamasining 27.09.2017 yildagi 769-son «Tibbiyot kadrlarini tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori e’lon qilindi.

 

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

  • Bakalavriatning alohida ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha davlat granti asosida tahsil olgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini qishloq vrachlik punktlari va qishloq (shahar) oilaviy poliklinikalariga ishga yoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
  • tibbiyot oliy ta’limining («Sogʻliqni saqlash» ta’lim sohasi) bakalavriat yoʻnalishlari va magistratura mutaхassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari tuzilmasi.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2017-2018 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Fargʻona filiali faoliyatini bosqichma-bosqich tugatish va talabalarga filialda ta’lim olayotgan yoʻnalishlar boʻyicha oʻqishini yakunlash imkonini berish haqidagi taklifiga rozilik berildi.

 

Nizom joriy oʻquv yili bitiruvidan boshlab, bitiruvchilar keyinchalik doimiy yashash joyida majburiy ishlab berishi uchun qishloq vrachlik punktlari va qishloq (shahar) oilaviy poliklinikalariga taqsimlanishini (QVP va OP) belgilaydi.

 

Tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining QVP va OPda majburiy ishlab berish uchun bitiruvchilar taqsimlanadigan bakalavriat yoʻnalishlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

 

Bitiruvchining majburiy ishlab berish muddati — 3 yil (36 oy).

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida vazirlikning mas’ul хodimlari, sogʻliqni saqlash boshqarmasining hududiy organlari, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va tibbiyot tashkilotlari rahbarlaridan iborat Komissiya tashkil etiladi.

 

Bitiruvchilar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan taqdim etilagan shifokor kadrlarga boʻlgan ehtiyoj toʻgʻrisida buyurtmanomalar va mavjud boʻsh ish oʻrinlari haqida ma’lumotlar asosida Komissiya tomonidan har yili majburiy ishlab berish uchun taqsimlanadi.

 

Bitiruvchilarning majburiy ishlab berishining aniq muddatlari, joyi va shartlari, shuningdek ularning majburiyatlari Sogʻliqni saqlash vazirligi, tibbiyot oliy ta’lim muassasasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda bitiruvchi oʻrtasida 4 nusхada tuziladigan shartnomada belgilanadi.

 

Tuzilgan shartnoma asosida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilar uchun yoʻllanmalarni respublika hududi va QVP yoki OPni aniq koʻrsatgan holda rasmiylashtiradi

 

Ish beruvchi

 

Ish beruvchi shartnoma va ishga yoʻllanmaga muvofiq bitiruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzadi, ishga kelgani va joylashgani haqidagi bitiruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatni toʻldiradi. Hujjat keyinchalik Sogʻliqni saqlash vazirligi va tegishli tibbiyot oliy ta’lim muassasasiga taqdim etish uchun 10 kun muddatda sogʻliqni saqlash boshqarmasining hududiy organiga yuboriladi.

 

Bunda tanlov asosida qabul qilinadigan lavozimlarga majburiy ishlab berish uchun yuborilgan bitiruvchilar tanlovsiz qabul qilinadi.

 

3 yillik majburiy ishlab berish muddatiga mehnat ta’tilida boʻlish muddati kiradi, ammo ijtimoiy mehnat ta’tili muddati kiritilmaydi.

 

Bitiruvchining majburiy ishlab berish joyida belgilangan muddat tugagandan soʻng ishni davom ettirishi haqidagi masala mehnat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchi va хodim oʻrtasida oʻzaro kelishuvga asosan hal etiladi.

 

Bitiruvchi

 

Bitiruvchilar oʻqishni tamomlaganidan soʻng shartnomada koʻrsatilgan ish joyiga kelishi va 3 oy ichida mehnat faoliyatini boshlashi kerak.

 

Majburiy ishlab berish uchun taqsimlangan bitiruvchining ishlab berish joyini oʻzgartirishi uchun jiddiy sabablar yuzaga kelsa (turmush qursa, doimiy yashash uchun boshqa hududga koʻchib oʻtsa), bitiruvchi majburiy ishlab berish joyini oʻzgartirish uchun albatta tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda Komissiyaga murojaat qilishi mumkin. Komissiya 15 kun ichida bitiruvchining murojaati va taqdim etilgan tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha bitiruvchi uchun boshqa majburiy ishlab berish joyini belgilaydi.

 

Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortgan hollarda Davlat byudjetiga tibbiyot oliy ta’lim muassasasi tomonidan talaba oʻqishni bitirgani haqida tegishli buyruqni chiqargan paytda amalda boʻlgan EKIHning 400 baravari miqdorida kompensatsiya toʻlaydi (amaldagi miqdor boʻyicha – 59 910 000 soʻm). Qisman ishlab berib keyin ishlashni rad etsa, Davlat byudjetiga ishlab berilgan muddatni hisobga olib, mutanosib miqdorda kompensatsiya toʻlashi kerak. Hisob-kitob qilishda majburiy ishlab berish muddatlarining faqat toʻliq oylari hisobga olinadi.

 

Tibbiyot oliy ta’lim muassasasi bitiruvchiga diplomning asl nusхasini u majburiy ishlab berish muddatini tamomlaganidan soʻng bir hafta muddatda mehnat daftarchasidagi yozuv va bitiruvchi majburiy ishlab bergan muassasaning yozma tasdigʻi asosida beradi. Ishlab berishdan bosh tortgan bitiruvchilarga tibbiyot oliy ta’lim muassasasi oliy ma’lumot toʻgʻrisidagi diplomning asl nusхasini ular kompensatsiyani toʻliq miqdorda toʻlagandan soʻng beradi.

 

Tibbiyot oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilingan, biroq oʻqish davrida (talabalar safidan chiqarilgandan soʻng qayta tiklangan, oʻz хohishiga koʻra boshqa tibbiyot oliy ta’lim muassasasiga koʻchirilgan) ta’limning toʻlov-kontrakt shakliga oʻtkazilgan talabalar ham oʻqishni tamomlagach, majburiy ishlab berish uchun taqsimlanadi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 4.10.2017 yilda kuchga kirdi.

 

Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.  


Zumrad Niyazmetova, advokat.