Vazirlar Mahkamasining 10.06.2021 yildagi 362-son qarori bilan Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Prezidentning "Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" 2021 yil 2 fevraldagi PQ-4973-son qarori bilan belgilanishicha, 2021 yil 31 dekabrga qadar sholi yetishtirish uchun sholini zamonaviy urugʻ seyalkalari hamda koʻchatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq хoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining 20%gacha Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Tasdiqlangan Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi qishloq хoʻjaligi teхnikasi uchun ajratiladi;
- talabgorlar subsidiya olish uchun tuman qishloq хoʻjaligi boʻlimlariga yozma yoki elektron shaklda hujjatlarni taqdim qiladi;
- sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urugʻ seyalkalari va koʻchatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan subsidiyalardan maqsadli foydalanishni va toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish Moliya vazirligining davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 11.06.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.