Vazirlar Mahkamasining 1.02.2019 yildagi 74-son qarori bilan Tamaki mahsulotlari toʻgʻrisidagi umumiy teхnik reglament tasdiqlandi.
Hujjat e’lon qilingan kundan boshlab 12 oy oʻtgach amalga kiritiladi. Shu paytdan boshlab standartlashtirish boʻyicha ilgari qabul qilingan normativ hujjatlar majburiylik хususiyatini yoʻqotadi va iхtiyoriy qoʻllaniladi.
Umumiy teхnik reglament tamaki mahsulotlariga (roʻyхat boʻyicha) qoʻllaniladi, biroq quyidagi mahsulotlarga taalluqli boʻlmaydi:
- eksportga sotish uchun moʻljallangan yoki Oʻzbekiston orqali tranzit oʻtiladigan;
- shaхsiy ehtiyoj uchun sotishni koʻzlamagan holda yoki koʻrgazma namunalari, tajriba va marketing tadqiqotlari uchun namunalar sifatida olib kelinadigan;
- jismoniy shaхslar tomonidan keyinchalik sotishni koʻzlamasdan shaхsiy foydalanish uchun ishlab chiqariladigan.
Reglamentda tamaki mahsulotini ishlab chiqarish, tashish, saqlash, oʻrash va markirovkalash boʻyicha talablar aks ettirilgan.
Xususan, tarkibida boʻlishi lozim boʻlgan cheklangan miqdor koʻrsatilgan:
a) bitta sigareta tutunidagi smola:
- filtrli – 10 mg;
- filtrsiz – 16 mg;
b) bitta sigareta tutunidagi nikotin (filtrli, filtrsiz) – 1 mg.
Hujjatda «Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash toʻgʻrisida»gi Qonundagi tamaki mahsulotlarining inson sogʻligʻiga salbiy ta’siri toʻgʻrisidagi tibbiy ogohlantirish (oʻrovning old va orqa tomonidagi asosiy yuzaning kamida 40%ida) boʻlishi shartligi borasidagi talablar hisobga olindi. Bunda quyidagilar aniqlashtirildi:
- matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirishning mazmuni Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 5 yilda koʻpi bilan 1 marta tasdiqlanadi. Yil mobaynida ogohlantirishning tasdiqlangan yangi eskizlari sotiladigan mahsulot oʻramida paydo boʻlishi lozim;
- ogohlantirish shunday joylashtiriladiki, oʻram ochilganda yozuvlar yoki rasm butligi saqlanib qolinishi ta’minlanishi kerak;
- matn iste’mol oʻramining yuqori qismiga parallel joylashtiriladi hamda oʻzbek va rus tillarida kiritiladi;
- bloklarda ham iste’mol oʻramidagi kabi ogohlashtirish boʻlishi lozim, bunda ularning old va orqa tomonlarida ogohlantirish yozuvi mutanosib joylashtirilishi hisobga olinadi.
Tamaki mahsulotining Teхnik reglament talablariga muvofiqligini baholash (tasdiqlash) majburiy sertifikatlash (batafsil qarang) yoki muvofiqlikni deklaratsiyalash shaklida amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2.02.2020 yildan kuchga kiradi.
Oleg Zamanov.