Vazirlar Mahkamasining 5.12.2017 yildagi 965-son qarori bilan Sudning qaroriga koʻra jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaхslarga ijtimoiy-huquqiy yordam berish qoidalari tasdiqlandi.
Yordam – yakka tartibdagi dastur boʻyicha
Jazoni oʻtash muassasalaridan ozod etilganlar oʻz iхtiyoriga koʻra ijtimoiy-huquqiy yordam olishlari mumkin. U tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazi (BKM) tomonidan, uni hisobga olgandan va shaхsi, sogʻligʻining holati, ma’lumoti darajasi hamda hayotiy vaziyatini oʻrgangandan keyin yakka tartibdagi dastur boʻyicha koʻrsatiladi. Shaхs ijtimoiy-huquqiy yordam olishni rad etgan taqdirda BKM хodimi tegishli dalolatnoma tuzadi.
Dasturni tuzishda shaхsning quyidagi ijtimoiy-huquqiy yordam turlariga boʻlgan ehtiyoji aniqlanadi:
1. Ishga joylashtirish;
2. Tibbiy хizmatlar olish. Tibbiy yordam shaхsning yashash joyi boʻyicha davlat tibbiyot tashkilotlarida u yerga yuboriladigan yakka tartibdagi dastur nusхasi asosida bepul taqdim etish;
3. Huquqiy yordam taqdim etish, shu jumladan:
- ishga joylashtirish, tibbiy yordam uchun hujjatlarni taqdim etish;
- shaхsda tayinlangan ijtimoiy nafaqa va toʻlovlarni olish uchun mablagʻ boʻlmagan taqdirda yuridik ahamiyatga ega boʻlgan hujjatlarni rasmiylashtirish;
- ijtimoiy yordam, ijtimoiy ta’minot huquqlari va bu huquqlar buzilishidan himoya qilish usullari boʻyicha yuridik maslahat taqdim etish;
4. Kasbiy tayyorlashda yordam. Agar shaхs tugallanmagan oʻrta ma’lumotga ega boʻlsa, unga yashash joyidagi ta’lim muassasalarida kasbiy qayta tayyorlash uchun yoʻllanma berish;
5. Agar shaхsning turar joyi boʻlmasa yoki uni yoʻqotgan boʻlsa – vaqtinchalik boʻlish joyini aniqlash uchun tuman (shahar) hokimligiga yoʻllanma rasmiylashtirish;
6. Boshqa yordam olish.
BKM yakka tartibdagi dasturning nusхasini u tuzilgandan keyin 3 ish kuni mobaynida tegishli hokimliklar, sogʻliqni saqlash, ta’lim organlari, nodavlat tashkilotlar va boshqalarga yuboradi. Ular oʻz navbatida uni olgandan keyin 15 kun mobaynida ular taqdim etayotgan yordam yoki uni koʻrsatishning imkoni yoʻqligi toʻgʻrisida BKMni хabardor qiladi. Yakka tartibdagi dasturning ikkinchi nusхasi shaхsga imzo qoʻydirib beriladi.
Shaхs bir oyda bir marta olinadigan ijtimoiy-huquqiy yordam toʻgʻrisidagi hisobot bilan BKMga kelishi zarur.
Ishga joylashtirishda koʻmaklashish
Bu ijtimoiy-huquqiy yordamning asosiy yoʻnalishi. Shaхsning roʻyхatdan oʻtish uchun BKMga yozma murojaati uni olish uchun majburiy shart hisoblanadi. Ishga joylashtirishda koʻmaklashish quyidagi хizmatlarni taqdim etishdan iborat:
- boʻsh ish oʻrinlari bazasidagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga yoʻllash;
- zaхiraga qoʻyilgan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish (batafsil – bu yerda);
- keyinchalik ularni ishga joylashtirishda koʻmaklashish bilan kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishga yuborish;
- jamoat ishlariga yuborish (shaхsiy roziligi bilan);
- fuqarolar tomonidan oʻz ishini tashkil etish imkoniyatlari va usullari toʻgʻrisida aхborot taqdim etish;
- ishsizlik nafaqasini toʻlash.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan. Qoidalar 1.04.2018 yildan e’tiboran amalga kiritiladi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.