Vazirlar Mahkamasining 14.07.2021 yildagi 445-son qarori bilan Nobank va boshqa moliyaviy tashkilotlar sharhini shakllantirish boʻyicha statistik hisobotlarni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom Prezidentning 3.08.2020 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4796-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Nobank va boshqa moliyaviy tashkilotlar sharhlari Markaziy bank tomonidan Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Pul-kredit va moliyaviy statistikani shakllantirish qoʻllanmasida belgilangan me’yorlar asosida shakllantiriladi.
Qabul qilingan Nizomda quyidagilar belgilangan:
- statistik hisobotlarni tuzish va taqdim etish tartibi;
- statistik hisobotlarni tekshirish tartibi;
- aniqlangan хato va kamchiliklarni bartaraf etish tartibi.
Shuningdek qabul qilingan qarorda nobank va boshqa moliyaviy tashkilotlar sharhlarini e’lon qilib borish muddatlari belgilangan.
Nobank va boshqa moliyaviy tashkilotlarning moliyaviy sektori shahrini shakllantirish uchun statistik ma’lumotlar quyida belgilangan muddatlarda Markaziy bankka taqdim etiladi:
- 2021 yil 1 sentyabrdan – davriy ravishda;
- 2021 yil 31 dekabrga qadar – 2019 va 2020 yillar yakunlari boʻyicha.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 15.07.2021 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.