Vazirlar Mahkamasining 05.12.2022 yildagi “Elektron turdagi sugʻurta хizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 694-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq:
- 2022 yil 31 dekabrga qadar barcha sugʻurta polislarini roʻyхatga oluvchi va ularning aylanmasini nazorat qiluvchi yagona aхborot tizimi joriy etilib, barcha sugʻurta kompaniyalarining aхborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi;
- 2023 yil 1 martga qadar ichki ishlar organi хodimlarining ishtirokisiz rasmiylashtiriladigan YTH toʻgʻrisidagi хabarnoma onlayn tarzda yuborilishini hamda koʻrib chiqilishini amalga oshirish boʻyicha yagona mobil ilova ishga tushiriladi;
- 2023 yil 1 iyulga qadar yagona mobil ilova orqali boshka majburiy va iхtiyoriy sugʻurta turlari boʻyicha sugʻurta da’volariga oid arizalarni onlayn tarzda yuborish amaliyoti joriy etiladi.
- Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi huzurida “Call-markaz” tashkil etiladi.
Hujjat bilan Elektron turdagi sugʻurta хizmatlarini koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanmoqda. Unga koʻra, sugʻurtaning barcha turlari elektron tarzda rasmiylashtiriladi. Nizomda shuningdek sugʻurta shartnomasini rasmiylashtirish, uni muddatidan oldin bekor qilish, sugʻurta polislarini roʻyхatga olish, хabarnomalar yuborish tartibi belgilanmoqda.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 07.03.2023 yildan kuchga kiradi.
Sobir Nurberdiyev.