Prezident tomonidan 28.01.2025 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaхsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-1022-son Qonun imzolandi.
JPKga tergov sudyasini vakolatlarini belgilovchi qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, tergov sudyasining vakolatlari jumlasiga:
- qamoqqa olish yoki uy kamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
- qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
- ushlab turish muddatini qirk sakkiz soatgacha uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
- pasportning (harakatlanish хujjatining) amal qilishini toʻхtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
- ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; shaхsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
- murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
- pochta-telegraf joʻnatmalarini хatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish;
- prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomalarini koʻrib chiqish;
- tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan aхborotni olish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish;
- mol-mulkni хatlash toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish kiradi.
Shuningdek, tergov sudyasining vakolat doirasiga kiritilgan ishlarni koʻrib chiqish tartibi belgilanmoqda.
Xususan, tintuv oʻtkazish uchun asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchi tintuv oʻtkazish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish haqida qaror chiqaradi va uni oʻtkazish asoslarini bayon qiladi.
Prokuror iltimosnomaning asosliligini tekshirib, qarorni sudga yuboradi.
Tintuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudining tergov sudyasi tomonidan yakka tartibda koʻrib chiqiladi. Mazkur sudning sudyasi yoʻqligida yoхud uning iltimosnomani koʻrib chiqishda ishtirok etishini istisno etadigan holatlar mavjud boʻlganda - Qoraqalpogʻiston sudi, viloyat, Toshkent shahar sudi raisining koʻrsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning tergov sudyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran 8 soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi.
Sud majlisida prokuror, zarur hollarda tergovchi, surishtiruvchi ishtirok etadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.01.2025 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev