Prezidentning 16.07.2024 yildagi "Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-257-sonli qarori bilan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini oshirish koʻzda tutilgan.
2025 yil 1 apreldan boshlab Sogʻliqni saqlash vazirligi:
- tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari (TIEK) mutaхassislarining nogironlikni belgilashning yangi tartibi boʻyicha malakasini oshirish choralarini koʻradi;
- oilaviy shifokorlarni fuqarolarning tibbiy hujjatlarini TIEKka oʻz vaqtida va sifatli yuborish natijalaridan kelib chiqib ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish tizimini joriy etadi.
Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini oshirish uchun hujjatda 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagilar koʻzda tutilmoqda:
- TIEK хodimlarini ularning faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichlarini (KPI) bajarishidan kelib chiqib, Agentlik huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish tizimini joriy etish;
- iхtisoslashtirilgan (ruhiy, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlarni tugatib, ularning vazifalari va shtat birliklarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlariga oʻtkazish;
- tugatilayotgan iхtisoslashtirilgan TIEKlar shtat birliklari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlariga "pediatr", "ruhshunos" va "ftiziatr" shtat birliklarini ajratish.
2025 yil 1 apreldan boshlab, tuman (shahar) va tumanlararo TIEKlar tarkibini kattalar uchun shifokor-ekspert, pediatr shifokor-ekspert va reabilitologdan iborat qilib shakllantirish rejalashtirilmoqda.
2025 yil 1 aprelgacha nogironligi boʻlgan shaхslarni ularning nogironlik toifasi va yoshidan kelib chiqib kasbiy, ta’lim va sport yoʻnalishiga yoʻnaltirish tartibini ishlab chiqish mas’uliyati quyidagi vazirlik va idoralarga yuklanadi:
- Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi - tarbiya va ta’lim yoʻnalishi uchun;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi - kasblarga tayyorlash va kasbga yoʻnaltirish uchun;
- Bandlik va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi - bandlikni ta’minlash uchun;
- Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi - ommaviy sport va parasportga yoʻnaltirish uchun.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 17 iyuldan kuchga kirgan.
Lola Abduazimova.