Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining qarori (roʻyхat raqami 2924, 2017 yil 30 avgust) bilan Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalarida ishtirok etuvchi tashkilotlar tomonidan imtiyozlarni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 18.05.2017 yildagi PQ–2973-son «Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq KSZda joylashtirilgan biznes sub’yektlari quyidagilardan ozod etiladi:
- yuridik shaхslardan olinadigan mol-mulk soligʻi va foyda soligʻi;
- yagona soliq toʻlovi.
Nizom 4.09.2017 yilda kuchga kirdi va yuqoridagi soliq imtiyozlari quyidagi shartlarga amal qilingandagina taqdim etilishini koʻzda tutadi:
- KSZ ishtirokchilari tomonidan EKIHning 3000 baravaridan kam boʻlmagan hajmda investitsiya kiritilganida. Bir yil davomida kiritilgan investitsiyalar hajmi eng kam ish haqining 3000 baravaridan kam boʻlsa, soliq imtiyozlari bekor qilinadi va toʻlash majburiyati tiklanadi. Bunda keyingi yillarda KSZ ishtirokchisi soliq imtiyozlarini qoʻllash huquqini yoʻqotadi;
- yil yakunlariga koʻra KSZ ishtirokchisining sof tushumi EKIHning 2000 baravaridan kam boʻlmasligi kerak. Agar birinchi yilda sof tushum ushbu summadan kam boʻlsa, ikkinchi yilda esa sof tushum hajmi oʻrnatilgan miqdorga muvofiq boʻlsa, KSZ ishtirokchisi faqat ikkinchi yilda soliq imtiyozlarini qoʻllash huquqini saqlab qoladi.
Bu - muhim! Agar ishlab chiqarilgan mahsulotning eksport ulushi realizatsiyaning umumiy hajmida kamida 30%ni tashkil qilsa, soliq imtiyozlarining amal qilish muddati yana 2 yilga uzaytirilishi mumkin.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.