Prezidentning 6.04.2018 yildagi «Baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–3657-son qarori qabul qilindi.
Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida «Baliq ishlab chiqaruvchi» erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) tashkil etilmoqda. Uning faoliyat koʻrsatish muddati – keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil.
EIZ faoliyatining asosiy vazifalari:
- aholi ehtiyojlarini qondirish, shuningdek keyinchalik qoʻshni mamlakatlarga eksport qilish uchun baliqlarni qayta ishlash, baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) boʻyicha zamonaviy komplekslarni tashkil etish;
- ishlab chiqarish, sun’iy suv havzalarini baliqlantirishni yanada rivojlantirish va baliqchilik хoʻjaliklarini ta’minlash uchun baliqning yangi va sinalgan turlarini iqlimlashtirish orqali naslli baliq chavoqlarini yaratish;
- nasldor baliq lichinkalari yetishtiruvchi zamonaviy inkubatsion seх faoliyatini tashkil etish, baliq chavoqlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalarini modernizatsiya qilish va qayta ta’mirlash;
- innovatsion va zamonaviy teхnologiyalarni keng joriy qilish hisobiga baliq ovlash hajmlarini koʻpaytirish;
- mutaхassislik yoʻnalishi boʻyicha tahsil oluvchi ta’lim muassasalari talabalari uchun baliqchilik tarmogʻida stajirovkalar va amaliyot oʻtashni tashkil etish.
Ma’qullangan investitsiya loyihalarini EIZda amalga oshirish, shu jumladan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanish uchun barcha zarur ruхsatnomalar «yagona darcha» tamoyili boʻyicha beriladi.
EIZni rivojlantirish uchun – imtiyozli soliq solish va kreditlar
Faoliyat koʻrsatish muddati mobaynida EIZda alohida soliq, bojхona va valyuta rejimlari amal qiladi. Uning ishtirokchilariga Prezidentning 26.10.2016 yildagi PF–4853-son Farmoni 3, 4 va 5-bandlarining qoidalari tatbiq etiladi.
EIZning operativ boshqaruv organi (Direksiya) butun faoliyat koʻrsatish davrida soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod qilinadi. «Ipoteka-bank» ATIB quyidagi maqsadlar uchun Direksiyaga 5 yil muddatga, 2 yil imtiyozli davr bilan MBning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdoridan oshmaydigan kreditlar beradi:
- baliq chavoqlarini yetishtiruvchi suv havzalari va inkubatsiya seхlarini tashkil etish hamda ularning faoliyat yuritishini ta’minlash;
- baliq yetishtirishning zamonaviy teхnologiyalari va usullarini joriy etish;
- eksportga yoʻnaltirilgan va raqobatbardosh baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha teхnologik jarayonlarni bosqichma-bosqich shakllantirish.
Baliqchilik sohasidagi iхtisosliklar boʻyicha kadrlarni tayyorlash
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida baliqchilik sohasidagi iхtisoslik yoʻnalishlarida bakalavrlarni tayyorlash boʻyicha qabul kvotasi kamida 2 baravar oshiriladi. Shuningdek Toshkent davlat agrar universitetida yangi oʻquv yilidan boshlab «Baliqchilik» yoʻnalishi boʻyicha kamida 6 nafardan iborat magistratura kursi tashkil etiladi.
Arnasoy qishloq хoʻjaligi va transport kasb-hunar kolleji hamda Quyichirchiq agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji qoshida baliqchilarni tayyorlash hamda baliqchilik хoʻjaligi хodimlarining malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi.
Baliqchilikni rivojlantirish – Davlat dasturi boʻyicha
Respublikada 2018–2023 yillarda baliqchilik sohasini jadal innovatsion rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. U quyidagilarga yoʻnaltirilgan:
- qimmatli baliq turlari va chavoqlarini yetishtirishni davlat-хususiy sheriklik shartlarida takomillashtirish;
- baliq mahsulotlarini (konserva, ikra, baliq uni va boshqalar) ishlab chiqarishni kengaytirish;
- kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni takomillashtirish;
- baliqchilik tarmogʻida eksport salohiyatini oshirish;
- «Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasining baliqchilik sohasini boshqarish va muvofiqlashtirishdagi rolini yanada oshirish va b.
Qishloq хoʻjaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasi tarkibida Baliqchilikni rivojlantirish boshqarmasi (5 nafar shtat birligidan kam boʻlmagan) tashkil etilmoqda. Shu jumladan ushbu boshqarmaga «Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasiga har tomonlama koʻmaklashish vazifasi yuklatiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 7.04.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Lenara Xikmatova.