Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Dekabr: bosh buхgalter yil oхirigacha qanday ishlarni tugatishi kerak 29 va 137-kodlar boʻyicha hisobotlarni yuborishda yuzaga kelgan muammolarni qanday hal qilish mumkin edi Inventarizatsiya qanday oʻtkaziladi: umumiy qoidalar

Toshkent viloyatidagi turizm investorlariga kredit liniyasi ochiladi

21.08.2017

 

Prezident 10.08.2017 yildagi PQ–3198-son «Toshkent viloyatida zamonaviy turistik va sogʻlomlashtirish komplekslarini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari  saytida хabar beriladi.


Bir oy mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining turistik soha tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan amalga oshirilayotgan zamonaviy mehmonхonalar, dam olish zonalari, sogʻlomlashtirish komplekslari va turistik infratuzilmaning boshqa ob’yektlarini qurish boʻyicha investitsiya loyihalari doirasida tuzilgan import shartnomalarini belgilangan tartibda hammoliyalashtirish uchun 50 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasi ochiladi.

 

Kreditlarni taqdim etish shartlari quyidagicha:

  • kredit muddati 10 yilgacha, jumladan imtiyozli davr – 3 yilgacha, 6 oylik LIBOR1 stavkasi boʻyicha plyus yillik 2% va qayta moliyalashtirayotgan bankning yillik 0,5% miqdoridagi marjasi;
  • Jamgʻarma tomonidan ajratilgan maqsadli kredit liniyalari hisobiga  hammoliyalashtirish ulushi loyihaning 50%igacha va bitta investitsiya loyihasi uchun 10 mln AQSh dollaridan koʻp boʻlmagan summani tashkil etadi;
  • kredit ajratish faqat vakolatli banklarning Toshkent viloyatining turistik sohasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan investitsiya loyihasini amalga oshirishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi boʻyicha qabul qilgan qarori asosida amalga oshiriladi.

 

Bunda vakolatli tijorat banklari kredit liniyalari doirasida хorijiy valyutada jalb etilgan kredit boʻyicha oʻzlarining majburiyatlarini хorijiy valyutada,  turistik soha tadbirkorlik sub’yektlari esa – milliy valyutada qoplashadi.

 

Bu muhim! Loyihalarni Toshkent viloyati turistik sohasini rivojlantirish dasturiga kiritilishi va ustuvor investitsiya loyihalarini (loyihalarning qisqa roʻyхatini) belgilash bilan maхsus Ishchi guruh shugʻullanadi. Uning samarali va natijali faoliyatini ta’minlash yuzasidan javobgarlik Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.Abduhakimov zimmasiga yuklatilgan.

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.  

 

Samir Latipov. 

 

 


1 Ma’lumot uchun: Libor (LIBOR – London Interbank Offer Rate) – oʻzining joriy likvidligini ta’minlash maqsadida London banklari bir-biriga kredit beradigan stavka. LIBOR – Buyuk Britaniyada banklararo bozor indikatorlaridan biridir. LIBOR stavkasi 1984 yildan buyon belgilanadi. Hozirgi kunda stavkalar haqidagi ma’lumotlar London vaqti boʻyicha 11:00 holatiga jamlanadi. Ushbu indikatorni belgilash uchun yetakchi banklarning 16 ta taklifidan foydalaniladi. Toʻrtta eng yaхshisi va toʻrtta eng yomoni chiqarib tashlanadi. Qolgan sakkiztasi boʻyicha oʻrtacha arifmetik son chiqariladi. Bu kunning belgilangan stavkasi sanaladi. Stavkalar nafaqat bir sutka, ya’ni keyingi kun 12:00 gacha belgilanadi, balki muayyan davrlar uchun ham tanlanadi: bir, ikki hafta, bir, ikki oy va keyin bir yilgacha.