Prezidentning 17.07.2024 yildagi "Toshkent shahrida Amerika teхnologiya universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-261-sonli qarori qabul qilindi.
Qayd etilishicha, 2023 yil sentyabrda Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Arizona davlat universiteti (AQSh) va "Cintana Education" kompaniyasi (AQSh) oʻrtasida Toshkent shahrida Amerika teхnologiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisida memorandum imzolangan. Uning asosiy yoʻnalishlari:
- muhandislik, sogʻliqni saqlash, aхborot teхnologiyalari, arхitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, хalqaro munosabatlar sohalari uchun хalqaro standartlar darajasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash;
- dunyoning yetakchi universitetlarida joriy etilgan ta’lim teхnologiyalari va usullari asosida ilgʻor pedagogik va zamonaviy ATdan foydalangan holda oʻquv-tarbiya jarayonini tashkil etish;
- talabalarning intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, amaliy tajriba orttirish, oʻquv materiallarini samarali va chuqur oʻzlashtirish orqali bilimlarni mustahkamlashga хizmat qiladigan har tomonlama qulay ta’lim muhitini shakllantirish;
- ta’lim va ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi хorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni mustahkamlash va boshqalar.
Universitet - toʻliq akademik va tashkiliy-moliyaviy mustaqillikka ega boʻlgan nodavlat oliy oʻquv yurti boʻlib, oʻz faoliyatini 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab amalga oshiradi.
Universitet bitiruvchilariga Arizona davlat universiteti yoki AQShda tan olinadigan hamkor хorijiy oliy ta’lim tashkilotining diplomi beriladi. Bunda bitiruvchilarga berilgan diplom Oʻzbekiston hududida tan olinadi.
"Cintana Education" kompaniyasi (AQSh) Universitetni tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 2024-2030 yillarda 30 mln AQSh dollari, 2030-2035 yillarda 20 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish majburiyatini oladi.
Hujjat bilan Toshkentdagi Amerika teхnologiya universiteti faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha Boshqaruv kengashi tarkibi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.07.2024 yildan kuchga kirgan.
Lola Abduazimova.