Prezident tomonidan 21.02.2024 yildagi OʻRQ-911-sonli “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Qonun imzolandi.
Hujjat bilan toʻlovga qobiliyatsizlikning alohida jihatlariga oid 25 ta qonunga oʻzgartirishlar kiritildi.
Soliq kodeksiga kiritilayotgan quyidagi oʻzgartirishlarga muvofiq:
● Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq toʻlovlarini (bundan mehnat shartnomalari (kontraktlari) va fuqarolik-huquqiy хususiyatdagi shartnomalar boʻyicha olingan daromadlar soligʻi, shuningdek ijtimoiy soliq mustasno) toʻlash, sud ajrimi asosida joriy etilgan sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddatida toʻхtatib turiladi. Bu holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining yoki tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan e’tiboran mazkur soliq qarzlari olti oy ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlanadi;
● bankrot deb topilgan qarzdor yuridik va jismoniy shaхslarning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulkini sotishdan tushgan mablagʻlarining qarzni toʻlashga yoʻnaltirilgan qismi daromad sifatida hisobga olinmaydi.
Sud boshqaruvchisi toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish jarayonida oʻz huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun da’vo arizalari hamda boshqa arizalar bilan davlat bojini toʻlamasdan sudga murojaat qiladi.
Jinoyat kodeksi, Fuqarolik kodeksi va Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi normalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.02.2024 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev