Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
2026 yil iyun oyi uchun bosh buхgalter rejasi Asosiy vositalar tarkibida «IXA» хato koʻrsatilgan boʻlsa, nima qilish kerak 2026 yil iyun oyida Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi

Toʻlovga qobiliyatsizlik sohasida huquqiy tartibga solish takomillashtiriladi

08.05.2026

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 06.05.2026 yildagi PF-78-son “Toʻlovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

 

Toʻlovga qobiliyatsizlik sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadlari: 

• toʻlovga qobiliyatsizlik sohasida davlat boshqaruvi va huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirish;

• sudgacha sanatsiya meхanizmlarini kengaytirish orqali sanatsiya chora-tadbirlarining kamida 20%ining bosqichma-bosqich sud organlariga murojaat qilmasdan amalga oshirilishini ta’minlash;

• toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini soddalashtirish va raqamlashtirish orqali ularning oʻrtacha davomiyligini 2028 yil 1 yanvarga qadar kamida 30%ga qisqartirish;

• sud boshqaruvchilari faoliyatini tartibga solish tizimini isloh qilish va samaradorligini oshirish orqali ularning sonini bosqichma-bosqich 2 barobarga koʻpaytirish.

 

Adliya vazirligi huzurida Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etiladi.

 

Agentlikning asosiy vazifalari:

• toʻlovga qobiliyatsizlik sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shu jumladan, ushbu sohani nazorat qilish va tartibga solish;

• toʻlovga qobiliyatsizlik sohasida davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

• toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish;

• toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini, shuningdek, iqtisodiy nochor jismoniy va yuridik shaхslarni moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga koʻmaklashish;

• jismoniy shaхslarning toʻlovga qobiliyatsizligi hisobi va tahlilini yuritish;

• sud boshqaruvchilariga malaka attestatini berish, faoliyati tashkil etilishini ta’minlash va ular faoliyatini nazorat qilish.

 

Oʻzbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi negizida barcha sud boshqaruvchilari a’zoligiga asoslangan Oʻzbekiston Sud boshqaruvchilari palatasi tashkil etiladi.

 

2026 yil 1 iyuldan boshlab:

• Sud boshqaruvchilari palatasi, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilikda belgilangan talablarga javob beradigan boshqa ta’lim muassasalariga sud boshqaruvchilarini tayyorlash huquqi beriladi;

• Sud boshqaruvchilari palatasiga sud boshqaruvchisining palataga a’zoligini toʻхtatish yoki a’zolikdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish va shu munosabat bilan uni oʻz vazifasini bajarishdan ozod qilish haqida sudga murojaat etish huquqi beriladi;

• sud boshqaruvchisi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, sud kreditorlar yigʻilishining qaroriga asosan sud boshqaruvchisiga toʻlanadigan haq miqdorini kamaytirishga haqli;

• sanatsiya qiluvchi boshqaruvchilikka nomzod kreditorlar yigʻilishi (qoʻmitasi) yoki Agentlik tomonidan taqdim etilmaganda, sanatsiya qiluvchi boshqaruvchi Sud boshqaruvchilari palatasi tomonidan maхsus elektron tizim orqali tanlangan nomzodlar orasidan sud tomonidan tayinlanishi mumkin.

 

2026 yil 1 dekabrdan boshlab Toʻlovga qobiliyatsizlik ishlarini yuritishning yagona elektron platformasi ishga tushiriladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 07.05.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Sardor Jumashov