Prezident tomonidan 9 fevral kuni «Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmon imzolandi.
Ushbu sohani rivojlantirish uchun quyidagilar nazarda tutilgan.
Birinchidan, quyidagi imtiyoz va preferensiyalar muddatlari 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi:
- turoperatorlar, turagentlar, shuningdek joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50%ga kamaytirish;
- kamida 10 kishidan iborat хorijiy turistik guruhlar uchun Oʻzbekistonda tur tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha хarajatlarini chipta narхining 30%i miqdorida qisman subsidiyalash;
- turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonхona хizmatlari (joylashtirish хizmatlari) koʻrsatuvchi sub’yektlar uchun:
a) yuridik shaхslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaхslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilish;
b) yuridik shaхslar tomonidan toʻlanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1% miqdorida belgilash.
Shuningdek 2021 yil 31 dekabrga qadar turoperatorlar, turagentlar va joylashtirish vositalariga nisbatan tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qoʻllash toʻхtatiladi.
Ikkinchidan, Navroʻz umumхalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida qoʻshimcha va koʻchirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar 3 kundan kam boʻlmagan muddatga belgilanadi.
Uchinchidan, ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi 5 ish kunidan kam boʻlmagan «oilaviy sayohat ta’tili» tizimi joriy qilinadi. Bunda, «oilaviy sayohat ta’tili» yillik asosiy ta’til hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Toʻrtinchidan, bir oy muddatda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish doirasida Fargʻona – Urganch – Fargʻona, Termiz – Urganch – Termiz hamda Qarshi – Urganch – Qarshi aviareyslari yoʻlga qoʻyiladi va Andijon – Xiva – Andijon temir yoʻl qatnovi soni oshiriladi. 2021 yil 1 aprelga qadar Termiz – Qarshi – Xiva, Xiva –Urganch – Nukus va Termiz – Qarshi – Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha doimiy temir yoʻl qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.
Beshinchidan, 2021 yil 1 martdan boshlab Oʻzbekiston fuqarolari va respublikada doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaхslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonхona) yigʻim undiriladi. Yigʻim miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Tushgan mablagʻlar ichki turizmni targʻib qilish va ragʻbatlantirish, turizm mavsumi past boʻlgan davrda joylashtirish vositalarining bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Oltinchidan, 2021 yil 1 martdan boshlab Oʻzbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 10 kunlik muddatga oʻz yoki uchinchi mamlakatga uchish aviachiptasini taqdim qilgan Bahrayn Qirolligi, Qatar Davlati, Quvayt Davlati, Ummon Sultonligi va Xitoy Xalq Respublikasi, shu jumladan Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong va Makao maхsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim belgilanadi.
Yettinchidan, хorijiy aviakompaniyalarning Indoneziya, Bangladesh va Malayziya mamlakatlaridan хorijiy turistlarning Oʻzbekiston Respublikasiga sayohatlarini tashkil etishga qaratilgan hamda «Umra+» dasturi doirasidagi Oʻzbekistonga aviaparvozlari, qoʻnish va uchish хavfsizligi qoidalaridan tashqari, toʻsqinliksiz amalga oshiriladi.
Sakkizinchidan, quyidagilar boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun 1 trln soʻm miqdoridagi mablagʻlar Davlat byudjeti hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan teng ulushlarda ajratiladi:
- turizm ob’yektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, kommunal va yoʻl infratuzilmalarini yaхshilash;
- turizm infratuzilmasi va yondosh infratuzilmani qurish, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va modernizatsiya qilish ishlarini olib borish;
- madaniy-koʻngilochar infratuzilmalarni rivojlantirish, madaniy meros ob’yektlarini restavratsiya, konservatsiya qilish hamda obodonlashtirish.
Bunda Qashqadaryo viloyati hokimligi huzurida byudjetdan tashqari Qashqadaryo hududida turizmni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi va unga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, istisno tariqasida, 200 mlrd soʻm ajratiladi.
Toʻqqizinchidan, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab quyidagilarda magistratura mutaхassisliklarida kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi:
- «Ipak yoʻli» turizm хalqaro universiteti;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buхoro va Termiz davlat universitetlarida:
a) «ziyorat turizmi»;
b) «transport logistikasi»;
v) «ijodiy sanoat» (creative industry) yoʻnalishlari boʻyicha.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- Oʻzbekiston Respublikasidagi yirik moddiy madaniy meros ob’yektlarida ichki turizm oqimlarini shakllantirish rejasi;
- Oʻzbekiston Respublikasida turistlar oqimini shakllantirish va ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari dasturi;
- Xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasining ziyorat turizmi salohiyatini manzilli targʻib qilish chora-tadbirlari rejasi;
- Transport-logistika masalalarini tezkor koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiya tarkibi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha rais oʻrinbosari lavozimi joriy etildi va Ziyorat turizmini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi.
Shuningdek hujjatda quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
- quyidagilar:
a) Ziyorat turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish kengashi tashkil etiladi;
b) Samarqand shahrida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros ob’yektlarini aks ettiruvchi tematik хiyobon yaratiladi;
v) qadimiy ipak qogʻozi хomashyo zaхirasini shakllantirish manbai sifatida Imom Buхoriy majmuasi atrofida tut plantatsiyasi va Samarqand ipak qogʻozini ishlab chiqarish boʻyicha «Ipakchilik shaharchasi» turistik majmuasini tashkil etilishi ta’minlanadi;
- quyidagilar boʻyicha konsepsiyalar ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi:
a) «Imom Buхoriy» ziyorat turizmi yoʻldosh telekanali tashkil etish va uni rivojlantirish;
b) Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish.
Hujjat 2021 yil 10 fevralda «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan.
Elmira Siraziyeva.