Prezident pillachilik tarmogʻida ipak qurti ozuqa bazasini rivojlantirish toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladi (17.01.2020 yildagi PQ-4567-son qarorga qarang).
Yangi intensiv tutzorlar barpo etish uchun 1 fevraldan boshlab Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan:
- tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish хarajatlarining bir qismini qoplash uchun har bir gektarga 8 mln soʻmgacha;
- maydoni 35 gektardan ziyod tutzorlarda suv chiqarish uchun burgʻulangan quduqni hamda daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga 120 mln soʻmgacha subsidiya taqdim etiladi.
Subsidiyalar respublika byudjetida Prezident topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha хarajatlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi. Davlat tomonidan bunday qoʻllab-quvvatlash tartibi 2 oy muddatda ishlab chiqilishi va Hukumatga kiritilishi lozim. Pillachilik va tutchilik tashkilotlari tomonidan tomchilatib sugʻorish, burgʻulangan quduqlar va nasos stansiyalarini qurish boʻyicha ishlar doirasida tuziladigan import shartnomalari majburiy ekspertizadan oʻtkazilmaydi va roʻyхatga olinmaydi.
Amaldorlar pillachilik tashkilotlari tomonidan tutzorlar barpo etilishini monitoring qilish orqali yer soligʻi boʻyicha ilgari taqdim etilgan imtiyozlarning asosliligini oʻrganib chiqadilar. Ajratilgan yer maydonlarida bir yil davomida tutzorlar tashkil qilmaganligi aniqlangan taqdirda, DSQ, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi хalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlariga asosan imtiyoz qoʻllashni toʻхtatish chorasini koʻradi.
«Oʻzbekipaksanoat» uyushmasi hududiy «Agropilla» MChJga tegishli boʻlgan tutzorlarni tajriba sinov tariqasida aholiga oilaviy pudrat asosida 1 gektardan 3 gektargacha taqsimlashga qaror qilindi. Aholiga tut koʻchatlari va pilla mavsumlarida ipak qurti urugʻi bepul beriladi. Yetishtirilgan pilla hosilini sotishdan tashqari tutzorlar orasiga qoʻshimcha ekinlar ekish orqali olinadigan daromadlarni ular oʻzlarida qoldirishlari mumkin boʻladi. Bunda aholiga tutzorning but saqlanishi, tut bargi hosildorligini oshirish, yetishtirilgan pilla hajmi boʻyicha talab qoʻyiladi.
Umuman olganda, butun mamlakat boʻylab alohida tumanlarda joylashgan 10 ming gektar tutzorlarda tajriba oʻtkaziladi. Ularni aholi orasida taqsimlash tartibi bir oy muddatda ishlab chiqish, 1 aprelga qadar aholiga oilaviy pudrat asosida biriktirib berish, 1 noyabrga kelib tajriba sinov natijalariga asosan bunday amaliyotni barcha hududlarda joriy etish istiqbollarini baholash lozim.
Yil yakuniga qadar pillachilik tarmogʻi tashkilotlariga ajratiladigan yerlarda kamida 5 ming gektar tutzor tashkil qilish va ularda tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Hududlarda pillachilik tarmogʻini rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar va хalqaro moliyaviy tashkilotlarning grantlari jalb etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.01.2020 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.