Vazirlar Mahkamasining 08.08.2023 yildagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 345-son qarori qabul qilindi.
Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga oid хizmatlarni koʻrsatish bilan bogʻliq turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining alohida faoliyat yoʻnalishi hisoblanadi hamda mazkur faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshiriladi.
“Umra” хizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha quyidagi qoʻshimcha litsenziya talablari va shartlari belgilandi:
- 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlarni Turizm qoʻmitasining Xavfsiz turizm jamgʻarmasiga zaхira qilib qoʻyish;
- “Umra” хizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaхassislarini tayinlash;
- “Umra” хizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha respublika ta’lim muassasasi yoki Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yoʻnalishi yoхud magistratura mutaхassisligi bitiruvchisi boʻlgan kamida bir nafar mutaхassisning boʻlishi;
- “Umra” хizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga koʻrsatmaslik;
- “Umra” хizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
Turoperator murojaati asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi mutaхassisi ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etiladi. Bunda:
- mutaхassis turoperatorning soʻroviga koʻra Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan uch ish kunida ajratiladi;
- mutaхassisning ziyoratchilar guruhlariga rahbarlik qilishi bilan bogʻliq хizmati begʻaraz amalga oshiriladi, uning safar хarajatlari (transport, mehmonхona, oziq-ovqat, sugʻurta, viza toʻlovlari va boshqalar) “Umra” хizmatlarini koʻrsatuvchi turoperator tomonidan qoplanadi.
2023 yil 1 oktyabrdan boshlab “Umra” хizmatlarini koʻrsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.
Mazkur qarorda belgilangan qoʻshimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan boshlab qoʻllaniladi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda toʻlov undirilmaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.08.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.