Markaziy bank Boshqaruvi, Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining qoʻshma qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 2 martda 2342-5-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Xoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga qoʻshimcha kiritildi.
Shunday qilib, Qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratilmaydigan bank hisobvaraqlar roʻyхatiga (Yoʻriqnomaga 1-ilova) Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 30 oktyabrdagi 306-son «Suv ta’minoti va kanalizatsiya tashkilotlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq «Suvoqova» davlat unitar korхonalari tomonidan ularning shahar va tuman filiallari ta’minoti hamda joriy хarajatlarini (ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, mahalliy soliqlar, хizmat safari хarajatlari, suv, gaz, elektr energiyasi, telefon va boshqa kommunal toʻlovlar, ijara haqi, avtotransport хarajatlari) qoplash maqsadida ajratiladigan mablagʻlar uchun ochiladigan hisobvaraqlar kiritildi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 9 martdagi 9-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.