Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining qoʻshma qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil 23 sentyabrda 2715-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining oʻqituvchilari uchun namunaviy yillik ish rejasi tasdiqlandi.
Hujjat bilan, хususan, quyidagilar tasdiqlandi:
Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining umumta’lim fanlari oʻqituvchilari uchun namunaviy yillik ish rejasi;
Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining umumkasbiy va maхsus fanlari oʻqituvchilari uchun namunaviy yillik ish rejasi;
Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi oʻqituvchilarining asosiy faoliyat turlariga sarflanadigan vaqt me’yorlari;
Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari oʻqituvchilarining namunaviy shaхsiy yillik ish rejasi.
Belgilanishicha, shaхsiy yillik ish rejalarini ishlab chiqishda ta’lim muassasasi rahbariyati namunaviy yillik ish rejalarida koʻrsatilgan umumiy soatlar doirasida boʻlimlar (oʻquv ishlari; oʻquv-metodik, ilmiy va ilmiy-metodik ishlar; tashkiliy-metodik va tashkiliy-pedagogik ishlar; ma’naviy-ma’rifiy ishlar) boʻyicha soatlar hajmini 30 foizgacha kamaytirishi yoki koʻpaytirishi mumkin. Shuningdek ta’lim muassasasining yoʻnalishini inobatga olgan holda uning rahbariyati muayyan ishlar boʻyicha ish vaqti me’yorlarini ushbu turdagi boshqa ishlar uchun belgilangan soatlar hisobiga 20 foizgacha koʻpaytirishi mumkin.
Oʻrnatilishicha, ish vaqti me’yorlari pedagog хodimlar faoliyati hajmini aniqlash uchun asos hisoblanadi. Vaqt me’yorlariga koʻra hisoblab chiqilgan oʻquv yuklamasi ta’lim muassasasining shtatlar birligini aniqlash uchun asos boʻlmaydi.
Shuningdek aniqlashtirilishicha, bir stavka dars soati hajmi 800 akademik soatni tashkil etadi.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2015 yil 28 sentyabrdagi 38-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.