Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligining Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qarori (roʻyхat raqami 1461-1, 2017 yil 3 avgust) bilan Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari direktor oʻrinbosarlari, pedagog va muhandis-pedagoglarning boʻsh lavozimlarni egallash uchun ularni tanlov asosida tanlab olish toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Belgilanishicha, tanlov oʻtkazish tartibi quyidagi boʻsh lavozimlarga tatbiq etiladi:
- litsey va kollejlarning direktor oʻrinbosarlari (ilgarigidek);
- kollejlarning oʻqituvchilari va ishlab chiqarish ta’limi ustalari (ilgari - litsey va kollejlarning pedagog va muhandis-pedagoglari).
Demak, endilikda barcha pedagoglarga emas, faqat oʻqituvchilarga va faqat kollejlarga tatbiq etiladi. Litseylarning boʻsh oʻqituvchi lavozimiga tanlov oʻtkazish esa alohida Nizom (roʻyхat raqami 2910, 2017 yil 3 avgust) bilan tartibga solinadi. Batafsil - bu yerda.
Endilikda tegishli lavozim boʻshaganidan keyin 10 kun ichida:
- direktor oʻrinbosarlari lavozimiga - Oʻrta maхsus, kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi tomonidan OAVda va ushbu boshqarma saytida;
- oʻqituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari lavozimiga - kollej tomonidan OAVda va kollejning saytida (agar mavjud boʻlsa) tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida e’lon beriladi.
Ilgari boʻsh direktor oʻrinbosarlari lavozimiga tanlov yuqoridagi boshqarmalar yoki boʻysunuvida litsey (kollej) boʻlgan idoralar tomonidan, pedagog lavozimlariga - litsey (kollej) rahbariyati tomonidan OAV orqali 1 oy oldin elon qilinardi. Ya’ni hozirgidek lavozim boʻshaganidan keyin 10 kun ichida emas, balki tanlov oʻtkazilishidan 1 oy oldin e’lon berilardi.
Hujjatlarni topshirish va tanlovni oʻtkazish muddatlari belgilandi. Demak, tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar nomzodlar tomonidan u elon qilingan kundan boshlab 20 kun ichida taqdim etiladi. Tanlov esa hujjatlarni qabul qilish tugagandan keyin 15 kun ichida oʻtkaziladi. Ilgari ushbu muddatlar belgilanmagan edi.
Hujjat 2017 yil 7 avgustda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.