Vazirlar Mahkamasining 16.03.2021 yildagi «Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat хizmati faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida»gi 136-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq quyidagi hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritildi:
- Oʻzbekiston Respublikasi hududini oʻsimliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (29.01.2018 yildagi 65-son VMQ bilan tasdiqlangan) (keyingi oʻrinlarda − Nizom);
- Oʻsimliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar uchun fitosanitar sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (29.01.2018 yildagi 65-son VMQ bilan tasdiqlangan);
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom (31.01.2018 yildagi 68-son VMQ bilan tasdiqlangan);
- Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining Oʻsimliklar karantini tizimini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (31.01.2018 yildagi 68-son VMQ bilan tasdiqlangan).
Birinchidan, aniqlashtirilishicha, oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat inspektorlari respublikaga avtomobil, daryo va havo transporti hamda temir yoʻl vagonlari va konteynerlari (ilgari – avtomobil, daryo va havo transporti vositalari) orqali olib kirilayotgan oʻsimlik karantini nazoratidagi mahsulotlarni hamda pochta joʻnatmalarini qabul qilib olishda bevosita ishtirok etadilar. Bunda ushbu transport vositalari oʻsimliklar karantini nazoratidagi mahsulotlardan boʻshatilganidan keyin transport egalari tomonidan, yuk olib borish moʻljallangan joyda esa yukni qabul qilib oluvchi tomonidan tozalanishi lozim (23-b.).
Mazkur oʻzgartirishlar 1.04.2021 yildan kuchga kiradi.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va uning tashqarisiga olib chiqiladigan oʻsimliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar roʻyхatiga (Nizomga 1-ilova) oʻzgartirishlar kiritildi.
Oʻzgartirishlar «Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 13.10.2020 yildagi «Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat хizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4861-son qaroriga muvofiq kiritilgan.
Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.03.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.