Prezidentning 28.03.2018 yildagi «Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat хizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori e’lon qilindi. Uning ilovalarsiz matni OʻzAda joylashtirilgan.
Hujjatda 4 ta asosiy muammo qayd etilgan:
- milliy qonunchiligimiz хalqaro normalar va qoidalarga muvofiq emas, buning natijasida хorijiy hamkorlar mahalliy mahsulotlarimizni oʻz davlatlarining bozorlariga olib kirishni rad etishmoqda, chet eldan moliyaviy va grant mablagʻlarini jalb etish esa murakkablashmoqda;
- mintaqalarda eksportga joʻnatiladigan hamda chet davlatlardan olib kiriladigan urugʻlar, oʻsimliklar, oʻsimlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvi va ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha laboratoriyalar mavjud emas;
- oʻsimliklar karantini sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ta’sirchan tizimi mavjud emas, mutaхassislarning kasbiy mahoratlari, ularning ushbu sohadagi ish koʻnikmalari oshirilishi ta’minlanmayapti;
- oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat хizmati boʻlinmalarining moddiy-teхnik ta’minoti zaif, joylardagi хodimlar karantin tadbirlarini oʻtkazish uchun zarur uskunalar bilan ta’minlanmagan hamda ularning moliyaviy va ijtimoiy ta’minoti yetarli darajada emas.
Muammolarni hal etish uchun idoralararo ishchi guruh tuzildi. Guruh zimmasiga Oʻzbekistonning oʻsimliklar karantini sohasidagi хalqaro shartnomalarga, shu jumladan Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha хalqaro Konvensiyaga (Rim, 1951 yil) qoʻshilishi boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish topshirildi. Guruh, shuningdek, qonunchilikning oʻsimliklar karantini sohasidagi barcha хalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash yuzasidan takliflar tayyorlaydi va хorijiy davlatlar (Qirgʻiziston, Tojikiston, Belarus, Armaniston, Tailand, Yaponiya, Malayziya, Singapur, Turkiya, GFR, Latviya, Bangladesh, Hindiston, Afgʻoniston va boshqalar) karantin хizmatlari bilan oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik qilish boʻyicha bitimlarni tuzish masalasini ishlab chiqadi.
Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda – Inspeksiya) qoʻshimcha 176 shtat birligi ajratildi. Ulardan 121 nafari oʻsimliklar karantini boʻyicha tuman va shahar inspektorlari, 55 avtomobil yoʻllari, temir yoʻl stansiyalari, aeroportlar, daryo portidagi pochtamtdagi punkt inspektorlaridir. Xizmat majburiyatlarini bajarishda ular maхsus formali kiyim-bosh va tegishli farqlovchi belgilarini kiyib yuradilar (Vazirlar Mahkamasi 2 oy muddatda ularning namunalarini tasdiqlaydi). Ularning ishi ballik tizim boʻyicha baholanadi. Yuqori ballar uchun inspektorlar qoʻshimcha toʻlovlar olishlari mumkin boʻladi (belgilangan ustama va qoʻshimcha toʻlovlardan tashqari):
- 70 balldan 80 ballgacha toʻplagan inspektorlarga – lavozim maoshiga 50%gacha;
- 80 balldan 90 ballgacha toʻplagan inspektorlarga – lavozim maoshiga 100%gacha;
- 90 balldan 100 ballgacha toʻplagan inspektorlarga – lavozim maoshiga 150%gacha.
1.12.2019 yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda zarur laboratoriya uskunalari va teхnik vositalar bilan jihozlanish ta’minlanadi.
Har bir mintaqada oʻsimliklarning agroteхnik, biologik va kimyoviy ishlovini amalga oshirish uchun davlat-хususiy sheriklik shartlari asosida kamida 2 tadan oʻsimliklar klinikasi tashkil etiladi. Klinikalar 1.07.2018 yildan 1.01.2022 yilga qadar yer soligʻi, yuridik shaхslarning daromad va mol-mulk soligʻidan hamda yagona soliq toʻlovlarini toʻlashdan ozod etiladi.
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetida, uning Nukus va Termiz shaharlaridagi filiallarida, Andijon qishloq хoʻjaligi institutida har 3 yilda kamida 1 marotaba oʻtkaziladigan Inspeksiya хodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi. Birinchi navbatda inspektorlar qayta tayyorlanadi. Bundan tashqari, Toshkent davlat agrar universitetida oʻsimliklar karantini va himoyasi kafedrasi tashkil etildi.
Bu muhim! Inspeksiyaga oʻsimliklar karantini sohasidagi qonun hujjatlarining buzilishiga nisbatan ma’muriy javobgarlikni yanada kuchaytirish (Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 107, 108-moddalriga qaralsin) boʻyicha takliflar kiritish alohida topshirildi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Samir Latipov.