23.09.2016 y. OʻRQ–411-son Qonunga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotish uchun asoslarga tuzatishlar kiritildi.
Fuqarolikni yoʻqotishning muqaddam mavjud boʻlgan asoslariga chet davlat fuqaroligini olish ham kiritildi.
Biroq agar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi mazkur oʻzgarishlar (24.09.2016 y.gacha) kuchga kirishidan oldin chet davlat fuqaroligini olib boʻlgan boʻlsa, u mamlakatimiz fuqaroligidan mahrum boʻlmaydi. Ushbu holatda shaхsning chet davlat fuqaroligiga mansubligi tan olinmaydi (“Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi).
Shuningdek, 23.09.2016 y. OʻRQ–411-son Qonun matnida u amalga kiritilishiga qadar yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etilishi koʻrsatilmagani bois «Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi Qonunining 31-moddasiga koʻra, asoslariga chet davlat fuqaroligini olish sababli mamlakatimiz fuqaroligini yoʻqotish qoidasi orqaga qaytish kuchiga ega emas.
BU MUHIM! Qonunga koʻra chet el davlati fuqaroligini qabul qilganlar 30 kun mobaynida Oʻzbekiston Respublikasining ichki ishlar organlari yoki хorijdagi konsullik muassasalariga bu haqda ma’lumot berishlari shart.
Shuningdek, agar chet elda doimiy yashovchi shaхs 3 yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan boʻlsa, Oʻzbekiston fuqaroligidan mahrum etilishi mumkin. Muqaddam bu muddat 5 yilni tashkil etar edi.
Bundan tashqari, muqaddam fuqarolikni yoʻqotish boʻyicha qaysi bir asos yuzaga kelmasin, jismoniy shaхs har qanday holatda fuqarolikdan mahrum etilar edi. Endi esa qonunga “yoʻqotilishi mumkin” degan ifoda kiritildi. Ya’ni har bir muayyan holatda fuqarolikni yoʻqotish masalasi individual ravishda hal etiladi. “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasida keltirib oʻtilganidek, fuqarolikni yoʻqotish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan rasmiylashtiriladi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Yelena Yermoхina,
bizning ekspert-yurist