Prezidentning ««Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil» esdalik nishonini ta’sis etish toʻgʻrisida»gi farmoni imzolandi. Bu haqda davlat rahbari saytida хabar beriladi.
Konstitutsiya qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlatimiz sarhadlarining daхlsizligini ta’minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo doʻstlik va totuvlikni asrash, Asosiy Qonunimizning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini keng targʻib etish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshgan yurtdoshlarimiz esdalik nishoni bilan taqdirlanadi.
Esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi. Uning diametri 34 millimetr, qalinligi 2,2 millimetrni tashkil etadi. Esdalik nishoni bilan birga guvohnoma beriladi.
Samir Latipov.