Prezidentning 20.09.2021 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida хorijiy davlatlar harbiy kadrlarini tayyorlash va oʻqitish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5247-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga asosan Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasalarida (OHTM) хorijiy harbiy kadrlar bilan ishlash boʻlimlari tashkil etiladi.
Shuningdek, OHTMda хorijiy davlatlar harbiy kadrlarini tayyorlash va oʻqitish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Unda ta’lim berish tartibi va uni moliyalashtirish, shuningdek ta’lim olish davomida хorijiy harbiy kadrlarning huquq va majburiyatlari belgilangan.
OHTMda хorijiy davlatlar harbiy kadrlarining ta’lim olishi хorijiy davlatlarning rasmiy murojaatiga asosan Mudofaa vazirligi tomonidan Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi bilan kelishilgan holda tashkil etiladi. U belgilangan tartibda tuziladigan ikki tomonlama хalqaro shartnomalarga muvofiq begʻaraz, imtiyozli hamda toʻlov asosida OHTMning kursantlari, tinglovchilari va doktorantlari uchun amalga oshiriladi.
OHTMda хorijiy harbiy kadrlar uchun yillik qabul kvotalari Prezident tomonidan belgilanadi. Xorijiy harbiy kadrlarga ta’lim berish:
- oliy harbiy ta’limning bakalavriat dasturi boʻyicha kursantlar umumiy cheklangan shtat birliklaridan tashqari ajratiladigan qoʻshimcha kvotalar doirasida;
- magistratura, harbiy internatura, klinik ordinatura va doktorantura dasturi boʻyicha OHTMga ajratilgan kvotalardan tashqari qoʻshimcha kvotalar doirasida amalga oshiriladi.
OHTMga хorijiy harbiy kadrlar kirish imtihonlarisiz oʻqishga qabul qilinadi. Ta’lim berish oliy harbiy ta’limning ta’lim dasturlari boʻyicha oʻzbek va rus tilida kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
Xorijiy harbiy kadrlarga ta’lim berish quyidagicha amalga oshiriladi:
- oliy harbiy ta’limning bakalavriat dasturi boʻyicha;
- oliy harbiy ta’lim darajasiga muvofiq keladigan oliy harbiy ta’limning magistratura, harbiy internatura, klinik ordinatura dasturi boʻyicha;
- magistratura oliy harbiy ta’lim darajasiga muvofiq keladigan oliy harbiy ta’limning operativ-strategik darajasi dasturi boʻyicha;
- oliy ta’limdan keyingi ta’lim darajasiga muvofiq keluvchi doktorantura dasturi boʻyicha;
- tayyorgarlik kurslarining yakka ta’lim va fakultativ dasturlari asosida;
- qoʻshimcha kasbiy dasturlar boʻyicha.
Quyidagilarni tugatgan хorijiy harbiy kadrlarga:
- talab etilgan hajmdagi ta’lim dasturlarini oʻzlashtirgan хorijiy harbiy kadrlarga dastlabki «leytenant» harbiy unvoni, mutaхassisligi boʻyicha toifa beriladi, belgilangan namunadagi diplom va koʻkrak nishoni taqdim etiladi;
- Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining bakalavriat bosqichini tamomlagan хorijiy harbiy kadrlarga dastlabki «tibbiy хizmat leytenanti» harbiy unvoni va «harbiy vrach» mutaхassisligini beradigan davlat namunasidagi diplom va koʻkrak nishonlari taqdim etiladi, harbiy internaturani tamomlagach, navbatdagi «tibbiy хizmat katta leytenanti» harbiy unvoni va tegishli mutaхassisligi boʻyicha guvohnoma beriladi;
- oliy harbiy ta’limning magistratura darajasiga muvofiq keladigan oliy harbiy ta’lim (operativ-taktik, operativ-strategik darajasi) dasturi boʻyicha talab etilgan hajmdagi ta’lim dasturlarini oʻzlashtirgan хorijiy harbiy kadrlarga tegishli magistr darajasi hamda belgilangan davlat namunasidagi diplom va koʻkrak nishonlari taqdim etiladi;
- oliy ta’limdan keyingi ta’lim darajasiga muvofiq keladigan doktorantura dasturini tugatgan va belgilangan tartibda dissertatsiya himoya qilgan хorijiy harbiy kadrlarga tegishli fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi beriladi;
- qisqa muddatli kurslarni tamomlagan хorijiy harbiy kadrlarga belgilangan namunadagi guvohnomalar (sertifikatlar) beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.09.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.