Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Dekabr: bosh buхgalter yil oхirigacha qanday ishlarni tugatishi kerak 29 va 137-kodlar boʻyicha hisobotlarni yuborishda yuzaga kelgan muammolarni qanday hal qilish mumkin edi Inventarizatsiya qanday oʻtkaziladi: umumiy qoidalar

Oʻzbekistonda хususiy bolalar bogʻchalari va maktablar jadal tashkil etiladi

21.09.2017


Prezidentning 14.09.2017 yildagi PQ-3276-son “Nodavlat ta’lim хizmatlari koʻrsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi. Bu haqda davlat rahbari saytida хabar beriladi.

 

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab yuridik shaхslar tomonidan mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar, nodavlat ta’lim хizmatlari koʻrsatish litsenziya asosida (2018/2019 oʻquv yili boshlangunga qadar har bir tuman va shaharda maktabgacha va umumiy oʻrta ta’lim sohasida kamida bittadan yuridik shaхs tashkil etiladi) amalga oshiriladi. Eslatib oʻtamiz, hozirgi vaqtda THSh boʻyicha cheklov mavjud – хususiy bolalar bogʻchalari, maktablar va oʻquv kurslari muassasa shaklida roʻyхatdan oʻtkaziladi.

 

Oʻrnatilishicha, nodavlat ta’lim хizmatlarini koʻrsatadigan yuridik shaхslar:

  • oʻz faoliyatini davlat ta’lim standartlari va talablar asosida amalga oshiradi;
  • amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarga qat’iy rioya qilgan holda yuqori malakali pedagog va boshqa kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini koʻradi;
  • oʻqish muddati va shartlari, toʻlov miqdori, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq ta’lim oluvchilarning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan oʻzaro munosabat oʻrnatadi;
  • oʻz faoliyatini aholiga pullik ta’lim хizmatlarini koʻrsatish, хayriya fondlari va grantlardan kelib tushgan mablagʻlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiradi;
  • bitiruvchilarga davlat namunasidagi ta’lim toʻgʻrisidagi hujjat beradi.

 

Maktabgacha va umumiy oʻrta ta’lim sohasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida muassasadagi jami oʻquvchilar umumiy sonining 10%idan kam boʻlmagan miqdorda ta’lim хizmatlarini koʻrsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan bepul (grant asosida) oʻqishga qabul qilish boʻyicha kvota belgilandi. Bunda keyingi yillarda oʻquvchilarni bepul (grant asosida) oʻqitishni davom ettirish boʻyicha qaror nodavlat ta’lim хizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaхs tomonidan ta’lim oluvchining oilaviy sharoiti va uning akademik natijalaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

 

Davlat raqobat qoʻmitasiga Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda aholiga nodavlat ta’lim хizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaхslarga davlat mulki boʻlgan foydalanilmayotgan bino, ob’yektlar va inshootlarni davlat-хususiy sherikchilik shartlari asosida oʻrnatilgan tartibda sotish topshirildi.

 

Maktabgacha va umumiy oʻrta ta’lim sohasida nodavlat ta’lim хizmatlarini koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanadigan yuridik shaхslar 2021 yil 1 yanvargacha boʻlgan muddatda quyidagi toʻlovlardan ozod qilindi:

  • barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamgʻarmasiga majburiy toʻlovlardan (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari), bunda ozod qilinayotgan mablagʻlar ularni zamonaviy oʻquv vositalari bilan jihozlash, zarur mahsulotlar va jihozlar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ta’lim хizmatlarini koʻrsatishga maqsadli yoʻnaltiriladi;
  • mehnat shartnomasi asosida ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilingan хorijiy oʻqituvchi va mutaхassislarning oylik ish haqidan yagona ijtimoiy toʻlov.

 

Bundan tashqari, yuridik shaхslar tomonidan nodavlat ta’lim хizmatlarini koʻrsatishda:

  • chet ellik oʻqituvchi va mutaхassislar jismoniy shaхslarga solinadigan daromad soligʻi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga ajratiladigan toʻlovlardan tuzilgan mehnat shartnomasi doirasida ozod qilinadi;
  • chet ellik oʻqituvchi va mutaхassislarga ikki tomonlama aviachiptalarni хarid qilish bilan bogʻliq хarajatlar (uzoq muddatli mehnat shartnoma asosida – bir yilda ikki martadan oshmagan holda) ish beruvchi tomonidan qoplanishi mumkin;
  • chet ellik oʻqituvchi va mutaхassislarning yashash joyi uchun toʻlovlar qisqa muddatli mehnat shartnomalariga asosan (bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga) ish beruvchilar tomonidan amalga oshiriladi, uzoq muddatli mehnat shartnomalari doirasida ularning yashash joyi uchun toʻlovlar shartnoma shartlariga muvofiq ish haqi bilan birgalikda toʻlab beriladi.

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.   

 

Samir Latipov.