Prezidentning 27.09.2017 yildagi PQ–3292-son qarori bilan Prezidentning 7.08.2017 yildagi PQ–3176-son «Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Kiritilgan tuzatishlarga koʻra, 2017–2019 yillarda mamlakatimiz hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmogʻi quriladi (ilgari hududiy madaniy-koʻngilochar komplekslar yaratish koʻzda tutilgan, aniq muddatlari aytilmagan).
Kinoteatrning birinchi qavatida savdo-koʻngilochar ob’yektlar, ikkinchi qavatida zamonaviy kinozallar boʻladi. Kinoteatrlarning namunaviy loyihasi kelasi yilning boshiga ishlab chiqilishi kerak.
Qurilish jadvallari Vazirlar Mahkamasi tomonidan TIF MB bilan birgalikda tasdiqlanadi. Ularda loyiha tashabbuskorlari — tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan kinoteatrlarni barpo etish, shuningdek ularni jihozlash va faoliyatini boshlashning aniq muddatlari koʻrsatiladi.
Bundan tashqari, Hukumatga 2018-2019 yillarda yagona repertuar siyosatini olib borish maqsadida umumrespublika kino prokati konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilindi va 29.09.2017 yilda kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va havolalar bilan yaqin kunlarda «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg Zamanov,
ekspertimiz.