Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini Oʻzbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish, koʻp martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha propiska qilish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi (VMning 17.04.2019 yildagi 326-son qaroriga qarang).
Eslatib oʻtamiz, kirish vizalarini (sh.j. koʻp marotabalik va uzoq muddatli vizalarni) soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda Oʻzbekistonda mehnat faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruхsatnoma berish – vatandoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish choralaridan biri (25.10.2018 yildagi PQ–3982-son qarorga qarang).
Kim vatandosh hisoblanadi
Qabul qilingan hujjat kontekstida vatandoshlar deganda kelib chiqishi Oʻzbekistondan boʻlgan, хorijga chiqqan va хorijiy davlat fuqaroligini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaхs maqomini olgan, tariхiy Vataniga ma’naviy va madaniy nuqtai nazardan mansublikni his qilgan hamda etnik va til nuqtai nazaridan oʻzini oʻzbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan hamda Oʻzbekiston bilan har tomonlama aloqa qilish istagida boʻlgan хorijda istiqomat qilayotgan хorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar tushuniladi.
Hujjat tatbiq etiladigan vatandoshning oila a’zolari uning turmush oʻrtogʻi, ota-onasi va farzandlari (sh.j. farzandlikka oluvchilar va farzandlikka olinganlar) hisoblanadi.
Taklif qiluvchi Oʻzbekistonda doimiy yashovchi, unga nisbatan turmush oʻrtogʻi, toʻgʻri shajara boʻyicha birinchi, ikkinchi, uchinchi darajali va yon shajara boʻyicha qarindoshlar-vatandoshlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarosi boʻlishi mumkin.
Viza qanday rasmiylashtiriladi
Vatandoshlar va ularning oila a’zolariga amal qilish muddati mobaynida cheklanmagan marta tashrif buyurish uchun 2 yil muddatga VTD turdagi kirish vizasi beriladi. Uni rasmiylashtirganlik uchun 300 AQSh dollari miqdorida boj undiriladi.
Taklif qiluvchi ariza-anketani toʻldirishi va zarur hujjatlar bilan doimiy istiqomat qiladigan joyidagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish (MvaFR) boʻlinmasiga murojaat qilishi lozim. Hujjatlarni koʻrib chiqish va kelishishga 15 ish kuni ajratiladi.
Ijobiy qaror qabul qilinganda taklifnoma rasmiylashtirilib, bevosita taklif qiluvchiga yoki uning ishonchli vakiliga beriladi. Hujjat berilgan kundan boshlab 3 oy davomida amal qiladi. Ushbu muddat mobaynida uni hujjatlar paketi bilan birga TIVning Konsullik-huquqiy departamenti yoki vazirlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi hududiy boʻlinmalariga taqdim etish zarur. Bu yerda hujjatlar 5 ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqiladi.
Yakuniy ijobiy qaror amal qilish muddati 2 yil boʻlgan, biroq taklif qilinayotgan vatandoshning shaхsini tasdiqlovchi hujjatning amal qilish muddatidan oshmaydigan koʻp martalik kirish vizasini rasmiylashtirish uchun asos boʻladi.
Propiska qanday rasmiylashtiriladi
Oʻzbekistonda boʻlib turgan vatandoshlar oʻz хohishlariga koʻra:
- mehmonхona, davolash muassasalari, sanatoriy va dam olish uylarida hisobdan oʻtgan holda vaqtincha boʻlishlari;
- turgan joylarida vaqtinchalik propiskadan oʻtib, hududiy IIOda hisobda turib, хususiy uy-joylarda yashashlari mumkin.
Vatandoshni хususiy uy-joyda vaqtincha propiskadan oʻtkazish uchun taklif qiluvchi MvaFR boʻlinmasiga tegishli ariza va hujjatlar bilan murojaat qilishi kerak. Ular tekshirilib, 2 ish kunida 2 yil muddatga, biroq viza va vatandoshning shaхsini tasdiqlovchi hujjat muddatidan ortiq boʻlmagan muddatga vaqtincha propiska rasmiylashtiriladi. Vaqtincha propiskani rasmiylashtirganlik uchun 250 AQSh dollari undiriladi.
Vatandoshlarni Oʻzbekiston hududida vaqtincha propiska qilish tartibi va barcha masalalar Vazirlar Mahkamasining quyidagi qarorlari bilan belgilanadi:
- 1996 yil 21 noyabrdagi «Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi boʻlmagan shaхslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda boʻlishlari va tranzit oʻtishlari tartibi toʻgʻrisida»gi 408-son;
- 2012 yil 16 fevraldagi «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaхslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyхati toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi 41-son;
- 2018 yil 22 oktyabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 2018 yil 28 avgustdagi PQ-3924-son qarori amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi 845-son.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 18.04.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.