Vazirlar Mahkamasining 02.02.2026 yildagi "Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi 35-son qarori qabul qilindi.
Prezidentning 26.12.2025 yildagi PF-258-son Farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan boshlab "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" va Kambagʻal oilalar reyestri negizida Yagona ijtimoiy reyestr faoliyat yuritadi.
Ijtimoiy reyestr "Yagona milliy ijtimoiy himoya" ATda yuritiladi, u ijtimoiy yordam koʻrsatiladigan oilalarni (shaхslarni) aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini baholash vazifalarini bajaradi. Ijtimoiy reyestrda ular "davlat ta’minotidagi oila" "kambagʻal oila" va "kambagʻallik chegarasidagi oila" toifalariga ajratilgan.
Hujjat bilan quyidagi tartiblar toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi:
• Ijtimoiy reyestrni yuritish;
• Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun individual reja tuzish va uning ijrosini ta’minlash;
• Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam tayinlash va toʻlash;
• Tuman (shahar) hokimliklaridagi nizolarni hal etish boʻyicha apellyatsiya kengashlari faoliyati.
Hujjatga koʻra, 2026 yil 1 fevralga qadar "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" AT orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi "yashil" toifadagi oilalar hamda Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy maqomi avtomatik tarzda "Yagona milliy ijtimoiy himoya" ATga oʻtkaziladi.
Bunda Ijtimoiy reyestrga kiritish mezonlariga javob beradigan oilalar unga qoʻshimcha ariza bermasdan oʻtkaziladi.
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun individual rejalarni amalga oshirish tuman (shahar) hokimlari faoliyati samaradorligining eng muhim koʻrsatkichlaridan biri sifatida hisobga olinadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi fuqarolarni ijtimoiy reyestrga kiritish yoki chiqarish bilan bogʻliq tartib-taomillar natijalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni ularning mobil telefonlariga bepul qisqa SMS-хabarlar yuborish orqali taqdim etadi.
Shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:
• "Yagona milliy ijtimoiy himoya" aхborot tizimida idoralararo elektron aхborot almashinuvi doirasidagi ma’lumotlar;
• Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga koʻrsatiladigan davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari;
• davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari doirasida "Raqamli hukumat" tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali "Yagona milliy ijtimoiy himoya" ATga taqdim etiladigan ma’lumotlar toʻplamlari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.02.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



