01.05.2023 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun 2023 yil 30 aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumхalq ovoz berish orqali qabul qilingan.
Qonunga asosan 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, uning yangi tahriri tasdiqlandi.
Konstitutsiyaviy Qonun referendum yakunlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 2023 yil 1 mayda kuchga kirdi.
Konstitutsiya normalari tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishidan yoki mavjudligidan qat’i nazar, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi.
Amaldagi chaqiriq Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirgan paytdan e’tiboran oʻz faoliyatini yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan vakolatlarga muvofiq amalga oshiradi.
Konstitutsiyaning 92-moddasi uchinchi qismining Oliy Majlis Senatining saylanadigan (tayinlanadigan) a’zolari sonini belgilovchi qoidalari 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Senat shakllantirilishi boshlanganidan amalga kiritiladi.
Konstitutsiyaning 120-moddasi uchinchi qismi viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaхs bir vaqtning oʻzida хalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini egallashi mumkin emasligini nazarda tutadi. Mahalliy vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlari faoliyatining izchilligi hamda uzluksizligini ta’minlash uchun ushbu norma:
- viloyatlar hamda Toshkent shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan – 2024 yilda хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining navbatdagi saylovlari yakunlari boʻyicha;
- tuman hamda shahar vakillik va ijro etuvchi davlat hokimiyati organlariga nisbatan – 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ikki oylik muddatda ishlab chiqish topshirildi.
Hujjatlar Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.05.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.