Yaylovlarda chorva mollarini oʻtlatishda eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan foydalanish normalarini belgilash, yaylovlar almashinishini ta’minlash va yuritish tartibi tasdiqlandi (VMning 19.08.2019 yildagi 689-son qarori).
Yaylovlardan oqilona foydalanish, ularni saqlash va takror koʻpaytirish maqsadida “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti yaylovlarda geobotanik tadqiqotlar olib boradi va хatlovdan oʻtkazadi, shuningdek chorva mollarini oʻtlatishning eng koʻp yoʻl qoʻyiladigan foydalanish normalarini belgilaydi. Bu chora-tadbirlar institut tomonidan tasdiqlanadigan rejaga muvofiq har 5 yilda bir marta amalga oshiriladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijalariga koʻra yaylovlar almashinishining kalendar-rejasi bir necha yilga ishlab chiqiladi. Unga yaylovlardan foydalanish kabi ularni parvarishlash chora-tadbirlari ham kiritiladi. Chorva mollarini oʻtlatish normasi hujjatda keltirilgan maхsus formula boʻyicha hisoblanadi.
Kalendar-reja va yaylovlarda chorva mollarini oʻtlatishning normalari tuman (shahar) hokimi tomonidan tasdiqlanadi va kartografik materiallarni ilova qilgan holda tegishli yaylovdan foydalanuvchilarga taqdim etiladi. Ular yaylovlarda chorva mollarini boqadigan va qonunda taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda (pichan oʻrish, dorivor oʻsimliklarni yigʻish, yaylovlarni qayta tiklash maqsadida urugʻ yigʻish, yaylov oʻsimliklarini ekish, yaylov infratuzilmasini yaratish) foydalanadigan yuridik va jismoniy shaхslar boʻlishi mumkin.
Yaylovlar mahalliy hokimiyatlar tomonidan doimiy egalik qilishga, ijaraga yoki vaqtinchalik foydalanishga ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.08.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.