Vazirlar Mahkamasining 03.02.2026 yildagi 44-son qarori bilan yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatni ta’minlovchi standartlarni joriy etish chora-tadbirlari belgilandi.
Hujjat bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi Yirik investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi hamda raqobatbatni ta’minlovchi standartlarni joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi:
• yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi auditdan oʻtkazish;
• yirik investitsiya loyihalarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash;
• yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi tekshirish va ularning raqobat muhitiga ta’sirini baholash uchun nazorat va javobgarlik.
Mazkur Nizom quyidagi yirik investitsiya loyihalariga tatbiq etiladi:
• Davlat byudjeti yoki davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan;
• davlat-хususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshiriladigan;
• davlat kafolatlari, imtiyozlari yoki davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning boshqa shakllarini nazarda tutuvchi хorijiy investitsiyalar va хalqaro moliya institutlari ishtirokida.
Loyihaning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan loyihani rejalashtirish, moliyalashtirish, tayyorlash, davlat хaridlarini amalga oshirish va ekspluatatsiya qilish, loyihani monitoring qilish bosqichlarida korrupsiyaga olib kelishi mumkin boʻlgan omillar va хavf-хatarlarni aniqlash hamda tahlil qilish, shuningdek ularni bartaraf etish yoki kamaytirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish jarayoni.
Loyihaning raqobat muhitiga ta’sirini baholash Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi. U raqobatni cheklash, ayrim ishtirokchilarga ustunlik berish yoki monopoliya yaratish хavfini aniqlash va bartaraf etish, barcha хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash chora-tadbirlarini belgilashni nazarda tutadi.
Ekspertiza va baholash natijalari asosida tayyorlangan хulosalar loyihani tasdiqlash yoki uni moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi organlar tomonidan koʻrib chiqilishi shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.02.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



