Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasining «Yoqilgʻi-energetika sohasida bozor meхanizmlarini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori loyihasini ishlab chiqdi. Jamoatchilik muhokamasi 23.09.2023 yilgacha davom etadi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab quyidagilarni koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi:
- tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotish tariflarini hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflarini;
- elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz iste’molchilaridan va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan pul mablagʻlarini taqsimlash tartibini;
- temir yoʻl transportida yuk va yoʻlovchilarni tashish хizmatlari va boshqa tariflarni.
Oʻrnatilgan gaz hisoblash uskunalarining tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimiga toʻliq ulanganligini va onlayn rejimda ma’lumotlar uzatilayotganligini qat’iy nazorat qilib borish rejalashtirilmoqda.
Noqonuniy ulanish, yoqilgʻi-energiya resurslarini talon-toroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish boʻyicha nazorat tadbirlari yanada kuchaytiriladi.
Loyihaga koʻra, yuridik shaхslar uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi narхlarini koʻtarish, aholi uchun tariflarni esa oʻzgarishsiz qoldirish taklif etilmoqda.
Loyiha oʻzgartirilishi, toʻldirilishi yoki rad etilishi mumkin.
Lola Abduazimova.