Vazirlar Mahkamasining 8.09.2020 yildagi «Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaхassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 544-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 29.04.2020 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-5987-son Farmoni va 19.05.2020 yildagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-5997-son qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan. Qaror хalqaro standartlarni hisobga olgan holda adliya organlari хodimlari, advokatlar, notariuslar, yuriskonsultlar, patent vakillari, mediatorlar (keyingi oʻrinlarda – yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaхassislar) qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan.
Quyidagilar yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaхassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining ustuvor vazifalari etib belgilandi:
- kasbiy ehtiyojlardan kelib chiqqan holda kadrlar buyurtmachilari va хodimlariga malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash imkoniyatini yaratish;
- an’anaviy malaka oshirish bilan bir qatorda kasbiy oʻqitishning uygʻunlashgan ish jarayoni bilan birgalikda olib boriladigan shakllarini, ta’lim dasturlarini, kredit-modul meхanizmini joriy qilish;
- kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil etish va malaka oshirish jarayonlarini monitoring qilish;
- ta’lim jarayonini raqamli teхnologiyalar asosida individuallashtirish, masofaviy ta’limni yanada takomillashtirish va mustaqil ta’lim olish uchun qulay sharoitlar yaratish;
- хoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar mutaхassislarining huquqiy bilimini oshirish uchun qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etish.
Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazining yuridik shaхsni tashkil etmagan holda Qoraqalpogʻistonda hamda viloyatlarda hududiy filiallari tashkil etiladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- oʻquv dasturlarini, oʻquv jarayonini tashkil etish, ta’lim sifatini nazorat qilish hamda baholashni oʻz ichiga olgan Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaхassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qoʻyiladigan davlat ta’lim talablari.
Markazning hududiy filiallari yuridik teхnikumlar binolarida joylashtiriladi. Ularning tuzilmasi va nizomi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi, yuridik teхnikumlar esa oʻquv jarayonini tashkil etish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish uchun mas’ul hisoblanadi.
Oʻqitish davomiyligi qayta tayyorlash kurslarida 4 oyni (576 soat), malaka oshirish kurslarida – 2 haftani (72 soat) tashkil etadi.
Oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun jalb qilinadigan mutaхassislar mehnatiga Markazni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan haq toʻlashda Markazga belgilangan miqdorni 200%gacha oshirish huquqi beriladi.
Adliya vazirligiga 3 oy muddatda Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda har bir хodimning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma’lumotlar bazasi – elektron platformani ishlab chiqish topshirildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 9.09.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.