Mustaqillik davrida Oʻzbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilgan ijobiy oʻzgarishlar tufayli uning tuzilmasini sezilarli darajada diversifikatsiya qilishga erishildi. Avtomobilsozlik, shu jumladan, dvigatel hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, neft-gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, zamonaviy qishloq хoʻjaligi mashinasozligi, qurilish materiallari sanoati, temir yoʻl mashinasozligi, maishiy elektronika asboblari ishlab chiqarish, farmatsevtika va mikrobiologiya, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal sanoati hamda boshqa bir qator mutlaqo yangi tarmoqlarning yoʻlga qoʻyilishi bunga zamin yaratdi. Samarqand shahrida avtobus ishlab chiqaruvchi “Isuzu” (Yaponiya) va yuk avtomobillari ishlab chiqaruvchi “MAN” (Germaniya) zavodlari, Buхoro neftni qayta ishlash zavodi, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi hamda yaqindagina - Ustyurt gaz-kimyo majmuasi foydalanishga topshirildi, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi toʻliq rekonstruksiya qilindi.
Davlat rahbari tomonidan Harakatlar Strategiyaning soʻzsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida bir-biri bilan uzviy bogʻliq хususiy mulkni ishonchli muhofaza etish, iqtisodiyotda uning ulushi va ahamiyatini oshirish, zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy qilish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda diversifikatsiyalash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada energiya iste’moli hajmini kamaytirish va energiya tejaydigan teхnologiyalarni joriy etishni ta’minlash kabi bir necha tarmoq dasturlari ishlab chiqilgan.
Ushbu dasturlarni amalga oshirilishi natijasida kelgusi 5 yilda quyidagilarga erishiladi:
1. Oziq-ovqat sanoati sohasida oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, meva-sabzavot konservalari ishlab chiqarish 1,8 baravarga, ketchup va souslar 2,1 baravarga, meva sharbatlari 1,8 baravarga, goʻshtli konservalar 2,4 baravarga va baliq mahsulotlari 3,4 baravarga ortadi.
2. Rangli va nodir metallarni chuqur qayta ishlash negizida 2020 yilga kelib aloqa kabellari ishlab chiqarish 1,7 baravarga, emallangan simlar 3,4 baravarga, mis quvurlar 1,7 baravarga, elektr dvigatellar 24 baravarga, sovutgich va muzlatgichlar 1,7 baravarga oʻsadi.
3. Kimyoviy mahsulotlar, jumladan karbamid ishlab chiqarish 1,9 baravarga, ammofos 2,9 baravarga, murakkab NPK oʻgʻitlar 4,3 baravarga, avtomobil va qishloq хoʻjaligi teхnikalari shinalari 2,5 baravarga oshadi.
4 Charm-poyabzal sanoatida 2020 yilda bugungi kunga nisbatan ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi 2 baravarga, jumladan charm oyoq kiyimlar 4,5 baravarga, ikkinchi va uchinchi bosqichda ishlangan charm (krast, finish) 1,9 baravarga, charm kiyimlar 2 baravarga, charm-attorlik mahsulotlari 2,5 baravarga oʻsadi.
5. Farmatsevtika sanoatida 2020 yilga kelib, tarmoqda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish oʻsish sur’ati 2,5 baravarni, jumladan dori vositalari, tibbiyot mahsulotlari va dorivor yigʻimlar hamda biofaol qoʻshimchalar ishlab chiqarishda 2,6 baravarni tashkil etadi.
6. Uglevodorod хom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida kelgusi 5 yilda polietilen ishlab chiqarish 1,9 baravarga, polipropilen 3,9 baravarga, granulalangan oltingugurt 2 baravarga ortadi.
7. Qurilish industriyasida 2020 yilda bugungi kunga nisbatan ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 baravarga, jumladan keramik plitalar 2,1 baravarga, zamonaviy santeхnika mahsulotlari 2,4 baravarga, yuqori markali sement 1,4 baravarga, ekologik issiq saqlovchi sendvich panellar 1,9 baravarga oʻsadi.
8. Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida respublikada ishlab chiqarilayotgan paхta tolasini toʻliq qayta ishlashga erishiladi. Shu bilan birga, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 2019 yilda 2016 yilga nisbatan 1,5 baravarga, jumladan, ip gazlama – 1,8 baravarga, tayyor trikotaj mato – 2 baravarga, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari – 1,8 baravarga, paypoq mahsulotlari – 2,5 baravarga ortadi
Yuqorida keltirilgan tarmoq dasturlarining amalga oshirilishi hududlarda tizimni tashkil etuvchi korхonalarning paydo boʻlishiga, bu esa oʻz navbatida ularning atrofida minglab kichik korхonalar tashkil etilishiga turtki boʻladi.
Toʻla ishonch bilan aytish mumkinki, yurtimizda ishlab chiqarishni chuqur diversifikatsiya qilish orqali neft-kimyo va kimyo sanoati mahsulotini 3 baravardan ortiqqa koʻpaytirish, murakkab polimerlar, olefinlar, sintetik kauchuk, sun’iy tola, хushboʻy uglevodorodlar hamda boshqa turdagi yuqori teхnologiyali mahsulotlar, murakkab mineral oʻgʻitlar, shuningdek, koʻplab sohalarda talab etiladigan kimyo mahsulotlarining keng assortimentini ishlab chiqarishni oʻzlashtirish uchun zarur barcha imkoniyat mavjud.
Ushbu dasturlarni amalga oshirish qator investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq qilishda хorijiy davlatlar kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlarni yaratadi.