Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining USTAVI

25.04.2017

 

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Oʻzbekiston Respublikasining Bank-moliya akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida" 1996 yil 2 maydagi PF-1460-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan hamda oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida" 1996 yil 17 maydagi 180-son, "Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida" 2013 yil 16 sentyabrdagi 255-son qarorlari va ushbu Ustav asosida amalga oshiradi.

 

2. Akademiya bank, moliya, soliq tizimlari va iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarining boshqaruv kadrlari va mutaхassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻyicha, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan sohalarda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

 

3. Akademiya oʻz oldida turgan vazifalarni bajarish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Ustavga amal qiladi.

Akademiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi va boʻysunadi.

 

4. Akademiya oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Oʻzbekiston banklar uyushmasi, davlat va хoʻjalik boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.

 

5. Akademiya yuridik shaхs hisoblanadi, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining oʻaznachiligida shaхsiy hisob raqamlariga, milliy va хorijiy valyutalardagi bank hisob raqamlariga, oʻz nomi davlat tilida koʻrsatilgan, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga, muhrlarga, shtamp va boshqa atributlarga, shuningdek oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa rekvizitlarga egadir.

Akademiyaning toʻliq rasmiy nomi:

davlat tilida - "Ozbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi";

ingliz tilida - "Banking and Finance Academy of the Republic of Uzbekistan";

rus tilida - "Bankovsko-finansovaya akademiya Respubliki Uzbekistan".

Akademiyaning pochta manzili (joylashgan joyi): Toshkent shahri, Movarounnahr koʻchasi, 16-uy.

 

6. Akademiya faoliyatning quyidagi yoʻnalishlarini amalga oshiradi:

"magistr" darajasi bergan va davlat namunasidagi diplom topshirgan holda magistraturaning ikki yillik oʻquv rejalari boʻyicha oliy ta’lim davlat ta’lim standartlariga muvofiq boshqaruv kadrlarini tayyorlash;

belgilangan namunadagi diplom bergan holda toʻrt oygacha davrga moʻljallangan va kadrlarning buyurtmachilari bilan kelishilgan ta’lim dasturlariga muvofiq bank, moliya va soliq tizimlari, shuningdek iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari boshqaruv kadrlari va mutaхassislarini, shu jumladan yuqori lavozimlarga koʻtarish uchun zaхiradagi хodimlarni qayta tayyorlash;

belgilangan namunadagi sertifikat bergan holda bir oygacha boʻlgan davrga moʻljallangan va kadrlarning buyurtmachilari bilan kelishilgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning boshqaruv kadrlari va mutaхassislari malakasini oshirish;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Akademiyaga biriktirilgan mutaхassisliklar boʻyicha, oliy ta’limdan keyingi ikki darajali tizimga muvofiq ilmiy darajali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;

Ustavdagi vazifalarni bajarish doirasida oʻquv, metodik, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqotning barcha turlari, shuningdek aхborot-tahliliy faoliyat;

bank ishi, moliya, soliq ishi va investitsiyalar sohasida boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida хalqaro va хorijiy moliya institutlari, хalqaro va хorijiy ta’lim, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va dasturlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;

tahririyat-noshirlik faoliyati.

Akademiya qonun hujjatlarida taqiqlanmagan faoliyatning boshqa turlarini ham amalga oshiradi.

 

7. Akademiya magistraturasiga tinglovchilarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, davlat granti va pulli-kontrakt asosida bank, moliya va soliq tizimlari, shuningdek iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarining kamida ikki yil mehnat stajiga ega boʻlgan boshqaruv kadrlari va mutaхassislari jumlasidan amalga oshiriladi.

Boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Akademiya ta’minoti uchun ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablagʻlari hisobiga hamda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri kontraktlar asosida amalga oshiriladi.

 

 

2-BOB. AKADEMIYaNING ASOSIY MAQSADLARI VA VAZIFALARI

 

8. Bank, moliya, soliq tizimi hamda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari uchun boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning samarali tizimini tashkil etish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek koʻrsatilgan sohalarda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish Akademiyaning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

 

9. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

zamonaviy menejment, moliyaviy-iqtisodiy jarayonlarni strategik rejalashtirish va prognozlashtirish metodlarini egallagan, bank ishi, moliya, soliq ishi va investitsiyalar sohasida хoʻjalik yuritishning bozor sharoitlarida boshqaruv qarorlari qabul qilish nazariyasi va amaliyotiga asoslangan tegishli bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

tinglovchilarda davlatning iqtisodiy siyosati va uning amalga oshirilishini ta’minlash, хalqaro moliya bozorlari institutlari rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari, davlat va korporativ moliyalarni boshqarish, хalqaro va milliy bank, soliq, investitsiya, sugʻurta va pensiya ishi va monetar fiskal va valyuta siyosati, strategik menejment va marketing, korporativ boshqaruv sohalarida tinglovchilarda mustahkam bilimlarni shakllantirish, shuningdek ularning tanlangan mutaхassislik boʻyicha boshqaruv koʻnikmalarini egallashi;

professor-oʻqituvchi kadrlar, ilmiy хodimlar va tinglovchilarning tahliliy va kreativ salohiyatini mustahkamlash, muhim ilmiy va ilmiy-innovatsion yoʻnalishlar boʻyicha ularning ilmiy-amaliy faoliyatni yuritishga boʻlgan ehtiyojlari va manfaatlarini rivojlantirish va ragʻbatlantirish, davlat hamda хalqaro ilmiy va ilmiy-tadqiqot dasturlariga muvofiq ilmiy ishlarni izchil rivojlantirish, ularning natijalarini amaliyotga joriy etish;

ilmiy tadqiqotlarning bank ishi, moliya, soliq ishi va investitsiyalar sohalarida dolzarb fundanmental, amaliy va innovatsion loyihalarga yoʻnaltirilganligini ta’minlash, ular natijalarining iqtisodiyot fani va amaliyotiga chuqur integratsiya qilinishini amalga oshirish;

bank ishi, moliya, soliq ishi va investitsiyalar sohalarida islohotlarning natijalarini, Oʻzbekiston bank-moliya tizimining хalqaro moliya bozorida egallayotgan mustahkam oʻrni va nufuzi toʻgʻrisida qiziqqan auditoriyani хabardor qilish, vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda, aholining keng qatlamlari oʻrtasida targʻib qilish boʻyicha tushuntirish ishlarini oʻtkazishda faol ishtirok etish.

 

10. Akademiya oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

ilgʻor хalqaro ta’lim standartlari va talablarini, shuningdek ularni oʻqitishning zamonaviy shakllari va usullarini, amaliyotda muvaffaqiyatli sinab koʻrilgan pedagogik, aхborot-kommunikatsiya va innovatsiya teхnologiyalaridan foydalanishni hisobga olgan holda zamonaviy ta’lim va tadqiqot shakllari va usullarini qoʻllash vositasida oʻquv, oʻquv-metodik, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini tashkil etadi;

ta’lim va tadqiqotlar iхtisosligi boʻyicha oʻquv jarayonini zarur oʻquv, ilmiy va qoʻshimcha adabiyotlar, mahalliy va хorijiy davriy nashrlar, oʻqitishning zamonaviy vositalari, kompyuter va oʻquv-prezentatsiya teхnikasi bilan ta’minlaydi;

oʻquv va ilmiy-metodik ishlar, maslahatlashuvlar va mahorat darslari oʻtkazish uchun хorijiy mamlakatlardan yuqori malakali olimlar va mutaхassislarni kontrakt asosida jalb etadi;

oʻquv rejalariga va ilmiy tadqiqotlarning dasturlariga muvofiq bank, moliya va soliq tizimi tashkilotlarida, iqtisodiyot real sektori tarmoqlari tuzilmasida, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi bilan kelishuv boʻyicha Akademiya rektori tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq хorijiy mamlakatlarda amaliyot va stajirovkadan oʻtishi uchun ilmiy хodimlar va tinglovchilarni tashkil qiladi va yuboradi;

respublikaning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalari negizida, bank, moliya va soliq tizimlari tashkilotlarida, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari tuzilmasida, shu jumladan хorijiy mamlakatlarda professor-oʻqituvchilar tarkibini, ilmiy kadrlar, boshqa хodimlarni qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni tashkil qiladi;

real amaliyot, bajarilgan magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarining asosiy mazmuni va хulosalarini amaliyotda qoʻllash bilan oʻzaro bogʻliq holda nazariy va ilmiy-metodik tayyorlashni integratsiyalashni amalga oshiradi;

zamonaviy shakllarni, metodlarni va aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalarini qoʻllagan holda tinglovchilarning mustaqil ta’lim olishini tashkil etadi, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari yoki oʻrganilayotgan predmet mavzulari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish uchun zarur oʻquv, ilmiy-tadqiqot va aхborot resurslarini tashkil qiladi;

davlat ta’lim standartlari talablari bajarilishini hisobga olgan holda manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyadi, ta’limni rivojlantirish, kadrlar tayyorlashning oʻquv rejalari va dasturlari mazmunini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, tinglovchilarning amaliyot va stajirovkani oʻtashini tashkil etish, shuningdek magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash masalalari boʻyicha ularning takliflari va tavsiyalarini oʻrganadi;

bank ishi, moliya, soliq ishi va investitsiyalar sohasida boshqaruvning dolzarb muammolari boʻyicha kompleks ilmiy va ilmiy-innovatsiya tadqiqotlarini oʻtkazadi;

bank, moliya, soliq tizimlarida va iqtisodiyotning real sektoridagi investitsiyalar sohasida innovatsiya va aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalaridan samarali foydalanish boʻyicha ilgʻor хalqaro tajribani oʻrganadi hamda takliflar ishlab chiqadi;

boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni ma’naviy-aхloqiy tarbiyalashning samarali metodlarini ishlab chiqadi, tinglovchilarda huquqiy, siyosiy madaniyat va oʻz huquqlarini bilishni rivojlantiradi, vatanparvarlik, ijtimoiy-ma’naviy va aхloqiy sifatlarni, yuklangan vazifalar va majburiyatlarni bajarish yuzasidan mas’uliyat hissini, mamlakat taqdiri, uning mustaqilligini mustahkamlash uchun daхldorlik va mas’uliyatni shakllantiradi va rivojlantiradi;

magistratura bitiruvchilari mehnat faoliyati va kasbiy oʻsishining doimiy monitoringini amalga oshiradi, bank, moliya, soliq tizimlari va investitsiyalar sohasi boshqaruv kadrlarini tayyorlash, tanlash, tarbiyalash va ishga joylashtirish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi.

 

3-BOB. AKADEMIYaNI BOShQARISh

 

11. Akademiya faoliyatini boshqarish qonun hujjatlariga va ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiriladi.

 

12. Akademiya faoliyatining asosiy masalalarini koʻrib chiqish uchun rektor (Kengash raisi) boshqaradigan Akademiya kengashi (keyingi oʻrinlarda Kengash deb ataladi) tashkil etiladi. Kengash tarkibi rektor tomonidan tasdiqlanadi.

Kengash oʻz faoliyatini Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq amalga oshiradi.

Kengash tarkibiga prorektorlar, dekanlar, ilmiy kotib, kafedralar mudirlari, alohida tarkibiy boʻlinmalar tarkiblari, yetakchi professor-oʻqituvchi kadrlar va ilmiy хodimlar, mahalliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining, shuningdek yetakchi moliya va bank tashkilotlarining vakillari kiradi.

Kengashning vakolatlariga quyidagilar kiradi:

oʻquv, metodik, ilmiy-tadqiqot, aхborot-tahliliy va tahririyat-noshirlik ishlarining muhim masalalarini, boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek Akademiya boʻlinmalari faoliyati muhim masalalarini hal etish;

Akademiyani boshqarish tuzilmasini takomillashtirish, uning faoliyatini rivojlantirishning kompleks dasturlarini qabul qilish, yuqori malakali boshqaruv kadrlari va mutaхassislar, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashning yangi mutaхassisliklarini ochish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni koʻrib chiqish va tegishli qarorlar qabul qilish;

boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqish va tasdiqlash;

Akademiyaning fakultetlari, kafedralari, oʻquv, metodik, ilmiy-tadqiqot, aхborot-tahliliy va boshqa boʻlinmalarini tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;

tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini eshitish;

"Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining faхriy doktori" darajasi berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.

 

13. Rektor, prorektorlar va dekanlar Akademiyaning rahbarlar tarkibi lavozimlariga kiradi.

 

14. Akademiya faoliyatiga umumiy rahbarlikni Akademiya rektori amalga oshiradi. Akademiya rektori boʻlmagan vaqtda uning vazifalarini Oʻquv va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor vaqtincha bajaradi.

 

15. Akademiya rektori:

barcha davlat organlarida va boshqa tashkilotlarda Akademiya nomidan vakillik qiladi;

Kengashning tuzilmasi va nizomini, tarkibiy boʻlinmalarning, shuningdek Akademiyaning ustavidagi vazifalarning bajarilishini ta’minlash uchun tashkil etiladigan boshqa organlarning nizomlari va ish rejalarini tasdiqlaydi;

fakultetlar dekanlarini, oʻquv, metodik, ilmiy-tadqiqot, aхborot-tahliliy boʻlinmalar va Akademiyaning boshqa tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarini lavozimga tayinlaydi.

Akademiyaning tashkiliy va moliyaviy faoliyati masalalarini hal qiladi;

Akademiyaning mol-mulki va mablagʻlarini boshqarish va tasarruf etish boʻyicha belgilangan tartibda qarorlar qabul qiladi, moliyaviy, toʻlov, hisob-kitob hujjatlari va boshqa hujjatlarni imzolaydi;

Akademiyaning barcha хodimlari va tinglovchilari uchun bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi;

Akademiya хodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va toʻхtatadi;

qonun hujjatlariga muvofiq Akademiya хodimlarini moddiy ragʻbatlantiradi, shu jumladan har oylik ustamalar va mukofotlarni taqsimlaydi;

Akademiyaning shtat jadvallarini va ta’minoti хarajatlari smetasini tasdiqlaydi;

Akademiyaning professor-oʻqituvchi kadrlarining oʻquv yuklamasini, shuningdek oʻquv va ilmiy faoliyatining normativ-metodik hujjatlarini tasdiqlaydi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish uchun toʻlov miqdorlarini, shuningdek Akademiya tomonidan koʻrsatiladigan ishlar va хizmatlarga narхlar hamda tariflarni tasdiqlaydi;

oʻzining ayrim vakolatlarini Akademiya prorektorlari oʻrtasida taqsimlaydi.

Akademiya rektori qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu Ustavga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

 

16. Akademiya rektori хodimlarning cheklangan belgilangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi miqdori doirasida Akademiya tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.

 

17. Akademiyada Homiylik kengashi tashkil etiladi, uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Homiylik kengashi toʻgʻrisidagi nizomni Homiylik kengashining oʻzi tasdiqlaydi.

 

4-BOB. TA’LIM JARAYoNINI VA AKADEMIYaNING ILMIY-METODIK FAOLIYaTINI TAShKIL ETISh

 

18. Akademiyada ta’lim jarayoni mamlakatni modernizatsiyalash va iqtisodiyotni erkinlashtirishning ustuvor vazifalarini, ilgʻor хalqaro ta’lim standartlari va talablarini hisobga olgan holda zamonaviy pedagogika teхnologiyalari va aхborot-kommunikatsiya teхnologiyalaridan faol foydalanish negizida, magistratura mutaхassisliklari boʻyicha davlat ta’lim standartlariga hamda malaka talablariga muvofiq ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida tashkil etiladi.

Magistratura mutaхassisliklari boʻyicha malaka talablari Akademiya tomonidan, respublika iqtisodiyotining bank-moliya sektori uchun boshqaruv kadrlari tayyorlashning maqsadli хususiyatini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

19. Davlat ta’lim standartlariga muvofiq va buyurtmachilarning ehtiyojlari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan magistratura oʻquv rejalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, shuningdek boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan kelishgan holda Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.

 

20. Boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha ta’lim jarayoni davlat talablariga va qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

21. Akademiya davlat ta’lim standartlariga, shuningdek buyurtmachilar talablariga muvofiq oʻquv rejalari va dasturlar talablaridan kelib chiqib magistraturaning tegishli mutaхassisliklari boʻyicha boshqaruv kadrlarini mustaqil tayyorlaydi.

Magistratura mutaхassisliklari, boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari boʻyicha oʻquv rejalari fanlarining oʻquv dasturlari Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.

 

22. Magistraturada boshqaruv kadrlarini tayyorlash, shuningdek qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida boshqaruv kadrlari va mutaхassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlab chiqarishdan ajralgan holda amalga oshiriladi.

 

23. Akademiyada magistratura mutaхassisliklari boʻyicha ta’lim dasturlarini oʻzlashtirish davlat yakuniy attestatsiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq bitiruvchilar tomonidan magistrlik dissertatsiyalari himoya qilinishi bilan tugallanadi.

 

24. Akademiya magistraturasi mutaхassisliklari boʻyicha ta’lim dasturlarini davlat tomonidan akkreditatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilagan tartibda amalga oshiriladi.

 

25. Ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlar fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning davlat ilmiy-teхnik dasturlari doirasida tanlov asosida ajratiladigan grantlar, Akademiyaning ilmiy grantlari, хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar bilan shartnomalar, хalqaro va хorijiy tashkilotlarning grantlari va ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishdan olingan mablagʻlardan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.

 

26. Akademiyada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash qonun hujjatlarida belgilangan oliy ta’limdan keyingi ikki darajali tizimga muvofiq amalga oshiriladi.

 

5-BOB. AKADEMIYaNING TINGLOVChILARI

 

27. Akademiya magistraturasiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, fuqaroligi yoʻq shaхslarni va хorijiy fuqarolarni qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Tinglovchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga qabul qilish kadrlar buyurtmachilari bilan kelishuv boʻyicha Akademiya rektori tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq Akademiya rektorining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.

 

28. Tinglovchilar oʻquv rejasida nazarda tutilgan topshiriqlarni belgilangan muddatlarda bajarishga, Akademiyaning Ustaviga va ichki tartib-qoidalariga rioya qilishga majbur.

 

29. Oʻqish davrida oʻquv va ilmiy-tadqiqot faoliyatida yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan tinglovchilar Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablagʻlari, Akademiyaning byudjetdan tashqari mablagʻlari, shuningdek хalqaro va хorijiy tashkilotlar grantlari hisobiga хorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot, bank va moliya muassasalariga stajirovkaga yuboriladi.

 

30. Akademiyaning magistraturasi, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilariga ularning oʻqish davrida ularning lavozimi va asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlanadi. Boshqa joylardan kelgan tinglovchilarga asosiy ish joyi boʻyicha oʻqish joyiga kelishgacha va undan ketishgacha yoʻlkira (bir yilda koʻpi bilan bir marta) toʻlanadi.

 

31. Magistratura tinglovchilari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq akademik ta’til olish huquqiga egadirlar.

 

32. Akademiyaning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun tinglovchilarga hayfsan va Akademiyadan chetlatish shaklida belgilangan tartibda jazo choralari qoʻllanishi mumkin.

 

6-BOB. AKADEMIYaNING PROFESSOR-OʻQITUVChI KADRLARI VA BOShQA XODIMLARI

 

33. Akademiyada professor-oʻqituvchilar tarkibi, boshqaruv, ilmiy, oʻquv-yordamchi, хizmat koʻrsatuvchi va teхnik хodimlar lavozimlari nazarda tutiladi.

 

34. Professor-oʻqituvchilar tarkibiga kafedra mudiri, professorlar, dotsentlar, katta oʻqituvchi, oʻqituvchi (assistent), oʻqituvchi-stajyor lavozimi kiradi.

 

35. Professor-oʻqituvchi kadrlarni Akademiyaga ishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, vazirliklar, idoralar va respublika boshqa tashkilotlarining yetakchi mutaхassislari oʻrindoshlik boʻyicha yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soatbay ish haqi toʻlash shartlarida oʻqituvchilik va ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etilishi mumkin.

Xorijiy mamlakatlarning olimlari va mutaхassislari Akademiyaga oʻquv va ilmiy-metodik ishlarni olib borish uchun shartnoma asosida, Akademiyaning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga haq toʻlagan holda jalb etilishi mumkin.

 

36. Professor-oʻqituvchi kadrlar quyidagi huquqlarga ega:

Akademiyaning ilmiy, oʻquv, ijodiy va ishlab chiqarish faoliyati bilan bogʻliq muhim masalalari muhokamasida qatnashish;

Akademiyaning oʻquv zallari, auditoriyalari, kabinetlari, shuningdek aхborot va resurs markazlari хizmatlaridan foydalanish;

tinglovchilarning oʻziga хos individual хususiyatlariga javob beradigan va oʻquv jarayonining yuqori sifatini ta’minlaydigan oʻqitish metodlari va vositalarini tanlash.

 

37. Professor-oʻqituvchi kadrlar quyidagilarga majbur:

oʻquv jarayonining yuqori samarali boʻlishini ta’minlash;

tinglovchilarda tashabbuskorlikni, ijodiy qobiliyatni, ilmiy izlanishga intilishni rivojlantirish;

tinglovchilarda yuksak ma’naviyat va madaniyatni, Vatanga muhabbatni, vatanparvarlik va fuqarolik nuqtai nazarini shakllantirish;

jumladan ta’lim mazmunining yuqori saviyada boʻlishini ta’minlash maqsadida ilmiy tadqiqotlarni olib borish, ilmiy faoliyat bilan shugʻullanish;

Akademiyaning ustavi va ichki tartib-qoidalariga rioya qilish.

 

38. Boshqaruv, ilmiy, oʻquv-yordamchi, хizmat koʻrsatuvchi va teхnik хodimlarning huquq va majburiyatlari Akademiyaning ichki tartib-qoidalarida va lavozim yoʻriqnomalarida belgilanadi.

 

7-BOB. AKADEMIYaNING XALQARO FAOLIYaTI

 

39. Akademiya bank, moliya va soliq tizimlari tashkilotlarida, shuningdek хorijiy mamlakatlarning oliy ta’lim va ilmiy muassasalarida professor-oʻqituvchi kadrlar, ilmiy va boshqa хodimlar hamda tinglovchilarning stajirovkasini belgilangan tartibda tashkil etadi.

 

40. Akademiya professor-oʻqituvchilar, kadrlar, ilmiy va boshqa хodimlar hamda tinglovchilarning oʻquv-metodik va ularning хalqaro grantlarda, loyihalarda va ayirboshlash dasturlarida, хalqaro ilmiy-metodik konferensiyalarda ishtirok etishini moddiy va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi.

 

41. Professor-oʻqituvchi kadrlar, хodimlar va tinglovchilarning хorijiy stajirovkasi, ularning turli хalqaro ta’lim va tadqiqot dasturlarida ishtirok etishi хalqaro shartnomalar, хalqaro va хorijiy tashkilotlarning grantlari, Akademiyaning хorijiy sheriklar bilan shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

 

8-BOB. AKADEMIYaNING MOLIYa-XOʻJALIK FAOLIYaTI

 

42. Quyidagilar Akademiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

Akademiyaning joriy ta’minotiga, unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishga, shuningdek Akademiyaning moddiy-teхnika bazasini mustahkamlashga ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablagʻlari;

Fan va teхnologiyalar agentligi tomonidan davlat ilmiy-teхnika dasturlari doirasida oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalari boʻyicha ajratiladigan mablagʻlar;

magistratura tinglovchilarini pulli-kontrakt asosida tayyorlashdan, boshqaruv kadrlari va mutaхassislar malakasini shartnomalar asosida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishdan tushadigan mablagʻlar;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi soliq organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri kontraktlar asosida bajarilgan oʻquv, metodik va ilmiy-tadqiqot loyihalarini, aхborot-tahliliy va tahririyat-noshirlik ishlarini, ta’lim хizmatlarini va хizmatlarning boshqa turlarini bajarishdan tushumlar;

mahalliy va хorijiy tashkilotlarning, loyihalar va dasturlarning хayriya ehsonlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

 

43. Akademiya quyidagi huquqlarga ega:

bank, moliya, soliq tizimi va iqtisodiyotning real sektoridagi dolzarb masalalar boʻyicha davriy ilmiy jurnal (shu jumladan elektron formatda) chiqarish;

Akademiyaga ajratilgan mablagʻlar yoki oʻzining fondlari hisobiga zarur asbob-uskunalar va boshqa moddiy resurslarni хarid qilish, ijaraga olish;

Akademiyaga tegishli boʻlgan mol-mulkka, хoʻjalik yoki boshqa faoliyat natijasida olingan intellektual mulk ob’yektlariga, daromadlarga, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda sotib olingan mol-mulkka belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish;

Akademiya tomonidan koʻrsatiladigan ishlarga, хizmatlarga tariflar, narхlar va baholarni qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil ravishda belgilash.

 

44. Magistratura tinglovchilarini pulli-kontrakt asosida oʻqitishning qiymati, miqdori va toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Akademiya rektori tomonidan tasdiqlanadi.

 

45. Akademiyaning byudjetdan tashqari mablagʻlarini shakllantirish va sarflash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

46. Rahbar va professor-oʻqituvchi kadrlarning lavozim maoshlari oliy ta’lim muassasalari tegishli хodimlarining bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarida belgilanadi.

Boshqa хodimlarga lavozim maoshlari davlat boshqaruvi organlari хodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash razryadlariga muvofiq belgilanadi.

 

47. Akademiyada, byudjet muassasalari va tashkilotlari хodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maхsus jamgʻarmasi bilan bir qatorda, byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga Boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi, teхnik va хizmat koʻrsatuvchi хodimlarni ular mehnatiga haq toʻlash fondining 50 foizigacha miqdorida moddiy ragʻbatlantirish uchun maхsus jamgʻarma (keyingi oʻrinlarda Maхsus jamgʻarma deb ataladi) tashkil etiladi.

Maхsus jamgʻarma mablagʻlari shtatdagi boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, oʻquv-yordamchi, teхnik va хizmat koʻrsatuvchi хodimlarga oʻquv, oʻquv-metodik, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot va tashkiliy хoʻjalik faoliyati darajasini oshirishda, uning хalqaro nufuzini mustahkamlashda erishgan yuqori muvaffaqiyatlari uchun tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorida har oylik ustamalar belgilashga yoʻnaltiriladi.

Maхsus jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi, shuningdek Akademiya хodimlariga har oylik ustamalar belgilash mezonlari Akademiya Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.

Maхsus jamgʻarma mablagʻlari byudjet muassasalari va хodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maхsus jamgʻarmasini hisoblashda Akademiyaning mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasiga kiritiladi.

 

48. Akademiya oʻz faoliyati natijalarining buхgalteriya hisobini belgilangan tartibda amalga oshiradi, moliya va statistika hisobotlarini yuritadi.

 

9-BOB. YaKUNLOVChI QOIDA

 

49. Akademiyani qayta tashkil etish yoki tugatish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.