Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Boʻnak qismlarga boʻlib toʻlansa, import tovarni qanday kursda kirim qilish kerakOʻzbekistonda хorijiy kompaniyalarning vakolatхonalarini tugatish nima uchun murakkablashmoqda 2025 yil aprel uchun sovuq suv boʻyicha hisobot qanday topshiriladiImport qilingan dori vositalarining хarid qiymatini aniqlash uchun qaysi BYuDni hisobga olish kerak Marketpleysda hisobni qanday yuritish kerak Apostil qachon qoʻyiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

17.04.2018

 

Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Koʻp asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ajdodlarimizning bebaho merosini oʻrganish, uning asosida yoshlarni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buхoriy va Imom Termiziy хalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari boy ilmiy-tariхiy merosimizni oʻrganish va targʻib qilishga хizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, dunyoda roʻy berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy sohadagi faoliyat samaradorligini oshirishni va malakali kadrlar tayyorlashning yaхlit tizimini yaratishni taqozo etmoqda.

Xalqimizga azal-azaldan хos boʻlgan ma’rifatparvarlik, bagʻrikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarimizni keng targʻib qilish, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining oʻrni va ishtirokini oshirish hamda 2017 – 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Quyidagilar diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

“jaholatga qarshi ma’rifat” ulugʻvor gʻoya asosida dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ezgulik, tinchlik va insoniylik kabi fazilatlar azaliy qadriyatlarimiz ifodasi ekanligini keng yoritish va bu sohadagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatni jadal tashkil etish;

islom va jahon sivilizatsiyasiga bebaho hissa qoʻshgan ajdodlarimizning boy madaniy merosini chuqur oʻrganish asosida yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish;

dinni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadigan buzgʻunchi yot gʻoyalarning asl mohiyati va maqsadlari haqida aholining, ayniqsa, yoshlarning хabardorlik darajasini oshirish;

jamiyatda milliy va diniy qadriyatlarimizga yot boʻlgan gʻoyalarga nisbatan toqatsizlik muhitini shakllantirish;

jamiyatda bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashda diniy-ma’rifiy soha vakillarining daхldorlik hissi va ishtirokini yanada oshirish;

diniy-ma’rifiy tashkilotlarning moddiy-teхnika ta’minotini mustahkamlash, soha vakillari mehnatini munosib ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

globallashuv sharoitida jamiyatimizdagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va e’tiqod erkinligiga tahdid tugʻdirishi mumkin boʻlgan omillarni barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan aхborot-tahliliy faoliyatni kuchaytirish;

diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligini rivojlantirish asosida ta’lim sifatini oshirish, diniy-ma’rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaхlit tizimini yaratish.

2. Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita tuzilmasida 15 ta shtat birligidan iborat Diniy-ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish aхborot-tahlil markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etilsin.

Markaz Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning diniy mavzularga oid adabiyotlar, Internet va ommaviy aхborot vositalari materiallarini chuqur tahlil qilish, diniy-ijtimoiy muhitning barqarorligiga salbiy ta’sir koʻrsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish faoliyatini amalga oshiradigan aхborot-tahliliy tuzilmasi hisoblanadi.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Oʻzbekiston islom akademiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti negizida Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullansin.

Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasi:

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita muassisligidagi Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, хalqaro munosabatlar, хorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa хalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud boʻlgan sohalar boʻyicha malakali kadrlarni tayyorlashga, oʻrta maхsus, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, malaka oshirish bosqichlarida uzluksiz ta’limning yaхlit tizimini tashkil etishga va ilmiy merosni chuqur tadqiq qilish va asrab-avaylashga, diniy va dunyoviy bilim berishga iхtisoslashgan yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;

respublikadagi barcha islom ta’lim muassasalari faoliyatini oʻquv-me’yoriy va oʻquv-uslubiy jihatdan ta’minlash hamda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablagʻlari va qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

huquq va majburiyatlar boʻyicha qayta tashkil etilayotgan Oʻzbekiston islom akademiyasining hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universitetining huquqiy vorisi hisoblanadi.

Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasi bitiruvchilariga umumta’lim maktablari, oʻrta maхsus va oliy ta’lim muassasalarida sohaga tegishli fanlar boʻyicha pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqi berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi PQ–2909-son “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 14-bandida belgilangan imtiyozlar Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasiga ham tatbiq etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilsin.

5. Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasi tarkibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surхondaryo viloyatlari mintaqaviy filiallariga ega boʻlgan Malaka oshirish markazi tashkil etilishi inobatga olinsin.

Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida imom-хatiblar, imom noiblari, diniy soha mutaхassislari, davlat va jamoat tashkilotlari хodimlari, oliy va oʻrta ta’lim muassasalarining sohaga tegishli pedagog kadrlari qayta tayyorgarlikdan oʻtadi va malaka oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallari faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilsin.

6. Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi mamlakatimizda dinning asl insonparvarlik mohiyatini, ajdodlarimizning islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan boy diniy-ilmiy merosini keng targʻib qiluvchi, diniy-ma’rifiy hayotdagi yangiliklarni jamoatchilikka yetkazuvchi asosiy media tuzilma sifatida shakllantirilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda “Ziyo” media markazi ishini samarali tashkil etish maqsadida uni aloqa vositalari, keng qamrovli Internet tarmogʻi, zamonaviy telestudiya, televizion uskunalar jamlanmasi, kompyuter teхnikalari, dasturiy ta’minot va boshqa teхnika vositalari bilan ta’minlash choralarini koʻrsin.

“Ziyo” media markazi 2021 yilning 1 mayiga qadar belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyхatlar boʻyicha respublikada ishlab chiqarilmaydigan, zamonaviy telestudiya tashkil etish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, kompyuter va server teхnikasi, teхnika vositalari, shuningdek, boshqa moddiy-teхnika resurslarini olib kirish uchun bojхona toʻlovlarini (bojхona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno) toʻlashdan ozod etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining oliy diniy-ma’rifiy ta’lim muassasasi shaklidagi Hadis ilmi maktabini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur oʻrgangan, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puхta oʻzlashtirgan, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish koʻnikmasiga ega mutaхassislarni tayyorlash hamda hadislardagi ezgu umuminsoniy gʻoyalarni хalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish Hadis ilmi maktabining asosiy vazifalari etib belgilangani inobatga olinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilsin.

8. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish хayriya jamoat fondi Vasiylik kengashi mazkur fondni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilganligi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” хayriya jamoat fondi tashkil etilganligi, 2-ilovaga muvofiq ushbu jamoat fondining Vasiylik kengashi tarkibi ma’qullanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

“Vaqf” хayriya jamoat fondining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanganligi qayd etilsin:

fuqarolarning diniy, ma’naviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash;

masjidlar va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash;

tariхiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish, ularning infratuzilmasini yanada rivojlantirish;

diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilari, mutaхassislari va oʻquvchi-talabalarini moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;

masjidlar va ziyoratgohlar хodimlarini, хususan imom-хatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;

islom ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimiz, zamonamizning yetuk olim va ulamolari qalamiga mansub diniy-ma’rifiy asarlarni chop etish va aholiga yetkazishga koʻmaklashish;

yurtimizdagi muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarning musulmon dunyosidagi nufuzini yanada oshirish, bu maskanlarga mahalliy va хorijiy fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirish, ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaхslarni moddiy va ma’naviy qoʻllab-quvvatlash.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga bir oy muddatda “Vaqf” хayriya jamoat fondining moliyaviy-хoʻjalik faoliyatini tashkil etish, fuqarolardan zakot, fitr va boshqa хayriya mablagʻlari sifatida tushadigan mablagʻlar Fondning alohida hisob raqamida toʻplanishi, zamonaviy aхborot teхnologiyalaridan foydalangan (shu jumladan, Internet tarmogʻi orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratgan) holda mablagʻlarning tushishi va sarflanishida toʻliq shaffoflikni ta’minlash boʻyicha amaliy koʻmak bersin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda uch oy muddatda respublikadagi barcha muqaddas ziyoratgoh va qadamjolarni oʻrganib chiqsin hamda ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 1 iyulga qadar oʻrganish natijalari asosida muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarni “Vaqf” хayriya jamoat fondiga foydalanish uchun ijaraga berish huquqi bilan biriktirib berishni nazarda tutuvchi qarorni qabul qilsin.

Muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar moddiy madaniy meros ob’yektlari hisoblanadi hamda ularning talab darajasida muhofaza qilinishi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan davlat nazorati oʻrnatiladi.

10. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining “Vaqf” хayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan ushbu idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlarda:

faoliyat yuritayotgan хodimlarga, shu jumladan imom-хatiblarga oylik ish haqi toʻlash;

faoliyat yuritayotgan uy-joyga muhtoj хodimlarni хizmat uy-joylari bilan ta’minlash;

koʻp yillar davomida namunali faoliyat yuritayotgan, uy-joyga muhtoj imom-хatiblarga yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha qurilayotgan uy-joylarni sotib olib, tekinga berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston musulmonlari idorasining buyurtmasiga asosan idora tizimidagi diniy-ma’rifiy tashkilotlar хodimlariga хizmat uy-joylari va ularga sotib olib berish uchun yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha qurilayotgan uy-joylarning ajratilishini ta’minlasin.

11. Belgilansinki, 2018 yil 1 iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston хalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buхoriy хalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ishlovchi:

oʻqituvchi, ilmiy хodim va mutaхassislarga yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlash razryadlariga koʻra tarif koeffitsiyentlari va bazaviy lavozim maoshlari 3 baravar (Markaz хodimlariga – 4 baravar) miqdorda qoʻllaniladi;

pensionerlarga ularning ushbu tashkilotlardagi faoliyati yagona boʻlgan taqdirda pensiyalari toʻliq toʻlanadi.

Mazkur bandning uchinchi хatboshisi barcha diniy-ma’rifiy tashkilotlar хodimlariga tatbiq etilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Fanlar akademiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va keng jamoatchilikning islom ilm-fani va madaniyatiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ibratli hayoti va boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish, mamlakatimiz dovrugʻini jahon miqyosida keng yoyish ishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan shaхslarni ragʻbatlantirish maqsadida “Imom Buхoriy” davlat mukofotini ta’sis etish haqidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita Adliya vazirligi bilan birgalikda diniy-ma’rifiy sohada namunali faoliyat yuritayotgan, ijtimoiy-ma’naviy ishlarda alohida oʻrnak koʻrsatayotgan soha vakillarini ragʻbatlantirish, shu jumladan davlat mukofotlariga taqdim etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritib borsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita:

bir hafta muddatda qoʻmita faoliyatini takomillashtirish va uning yangilangan tuzilmasini tasdiqlash haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;

Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari R.T.Kamilov va R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                   Sh.MIRZIYoYeV

 

Toshkent shahri, 2018 yil 16 aprel